Mo‘g‘uliston Prezidenti Samarqandga keldi

    Xalqaro hamkorlik 14 Sentabr 2022 5523

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti tadbirlarida ishtirok etish uchun 14-sentabr kuni Samarqand shahriga keldi.

    Oliy martabali mehmonni aeroportda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

    So‘ng Mo‘g‘uliston Prezidenti Hazrati Xizr majmuasiga kelib, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabriga gul qo‘ydi va xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

    Uxnaagiyn Xurelsux sammit doirasida xorijiy davlatlar rahbarlari bilan ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.

    Eslatib o‘tamiz, Mo‘g‘uliston 2004-yildan beri Shanxay hamkorlik tashkiloti huzuridagi kuzatuvchi davlat hisoblanadi.