Moʻgʻuliston va Oʻzbekiston agrar universitetlari oʻrtasida talabalar almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi

    Ta'lim 29 Avgust 2022 1509

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligida vazir oʻrinbosari – Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori Alisher Toʻrayevning Moʻgʻuliston davlatining Qozogʻiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Dorj Bayarxuu bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Suhbatning asosiy mavzusi ikki mamlakat qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bozor mexanizmlarini joriy etish, zamonaviy boshqaruv tizimlarini rivojlantirish va bu boradagi eksport salohiyatini oshirishdan iborat boʻldi.

    Uchrashuv davomida Moʻgʻulistonda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni rivojlantirish yuzasidan mamlakatning iqlim sharoitini oʻrganish, ushbu davlatga yetkazib beriladigan oziq-ovqat hajmini oshirish, chorvachilik sohasida yaqin kelajakda belgilangan rejalar muhokama etildi.

    Bundan tashqari, Moʻgʻuliston va Oʻzbekiston agrar universitetlari oʻrtasida talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, magistratura va doktorantura bosqichiga talabalarni jalb etish masalalari borasida muzokaralar olib borildi.

    Shuningdek, erishilgan yutuqlar va kelajakdagi oʻzaro munosabatlarni yanada rivojlantirish va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish yuzasidan amalga oshiriladigan rejalar taʼkidlab oʻtildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

    Eslatib oʻtamiz, 2022-yil iyun oyida Moʻgʻuliston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Batsumber Munxjinning mamlakatimizga tashrifi boʻlib oʻtgan edi.