Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlarni ishga solish hamda amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy vazifalar”ga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasiga 2024-2026-yillarda Moʻgʻulistondan 20 ming bosh goʻsht va jun yoʻnalishidagi qoʻy-echki zotlarini keltirish vazifasi topshirilgan.
Topshiriqlar ijrosi doirasida Konimex tumani hokimi rahbarligida chorvachilik yoʻnalishida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar Moʻgʻulistonda boʻlib, bu borada bitimlar imzolab qaytgandi.
Olib kelingan chorva mollarining parvarishini Konimex tumanida toʻgʻri tashkil etish maqsadida kuchli va dagʻal ozuqalar zaxirasi yaratilib, veterinariya-sanitariya tadbirlari amalga oshirilgan, tajribali mutaxassislar, chorvachilik sohasi olimlari biriktirilgan.
Jonivorlar viloyat yaylovlariga va iqlim sharoitiga tez moslanuvchan boʻlib, foydalanilmay turgan yaylovlardan samarali foydalanish orqali chorva sonlarini hamda chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish hajmlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi bilan bir qatorda yangi ish oʻrinlari yaratilishiga xizmat qiladi.
Viloyatga mollarni olib kelish ishlari davom etmoqda va kelgusida olib kelinadigan jonivorlar sonini 50 mingga yetkazish rejalashtirilgan.