Moʻgʻulistondan Namanganga 730 bosh naslli qoʻy olib kelindi

    Namangan viloyatiga Moʻgʻulistondan 730 bosh «Bayat« naslli qoʻylar keltirildi. Mazkur zot yogʻli-qoʻylar turiga mansub boʻlib, qattiq iqlim sharoitiga yaxshi moslashganligi bilan ajralib turadi.

    «Bayat« zotining urgʻochi qoʻylari 35–40 kilogramm, qoʻchqorlari esa 45–50 kilogrammgacha tirik vaznga ega. Bu zot yuqori goʻsht va yogʻ mahsuldorligi bilan iqtisodiy jihatdan samarali chorva sifatida baholanmoqda.

    Hozircha dastlabki bosqichda 730 bosh qoʻy Namangan viloyatining Uychi tumanida joylashgan “Axsi chorva” MCHJga olib kelindi. Kelgusida ularning moslashuvi, parvarishi va koʻpaytirish imkoniyatlari oʻrganiladi.

    Umumiy loyihaga koʻra, Moʻgʻulistondan 100 ming bosh naslli qoʻy olib kelish rejalashtirilgan. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu tashabbus chorvachilik sohasida import-iqlimiy innovatsiya sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.