Mohenjo-Daroda tangalar xazinasi topildi

    Pokistondagi UNESCOning Jahon merosi ro'yxatiga kiritilgan Mohenjo-Daro hududidan arxeologlar tomonidan mis tangalar bilan to'la qozon topildi.

    Bu so'nggi 93 yil ichida ushbu yodgorlik hududidan topilgan eng katta xazinadir.

    Mohenjo-Daro miloddan avvalgi 2600 — 1900-yillarda gullab-yashnagan Hind vodiysi sivilizatsiyasining eng yirik megapolisi bo'lgan. Taxminan to'rt ming yil oldin, aholi uni tark etgan va buning aniq sababi hali aniqlanmagan.

    Xazinaning umumiy og'irligi taxminan besh yarim kilogrammni tashkil etdi. Tangalar bir-biriga yopishib qolganligi sababli ularga zarb qilingan matnni hali o'qib bo'lmadi. Shunga qaramay, olimlar misni laboratoriya sharoitida tozalash mumkinligiga umid qilmoqda.

    Mohenjo-Daro arxeologiya bo'limi direktori Shokir Shohning so'zlariga ko'ra, tangalar kushonlar davriga tegishli bo'lishi mumkin. Bu sulola Hind daryosining turli mintaqalarini savdo, diplomatiya va madaniy almashinuv orqali bog'lashda muhim rol o'ynagan deb hisoblanadi, deb xabar beradi mir24.tv.