“Mohir aloqachi” koʻkrak nishoni va “Oʻz kasbining ustasi” belgisi taʼsis etildi

    Raqamlashtirish 30 Noyabr 2022 2321

    Vazirlar Mahkamasining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida “Mohir aloqachi” koʻkrak nishoni va “Oʻz kasbining ustasi” belgisini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    “Mohir aloqachi” koʻkrak nishoni bilan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarini koʻrsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlari va tashkilotlarining aholi bilan muloqot qilishining yangi mexanizmlarini joriy etish, pochta aloqasi xizmatlari va logistika tizimini modernizatsiya qilish ishlariga katta hissa qoʻshgan, oʻzining bilimi va salohiyati hamda yuqori kasbiy mahorati bilan boshqalarga namuna boʻlgan, yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash borasida samarali mehnat qilgan hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida kamida 15 yil mehnat stajiga ega boʻlgan fuqarolar taqdirlanadi.

    Koʻkrak nishoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

    Koʻkrak nishoni har yili 7-may - aloqa sohasi xodimlarining kasb bayrami arafasida Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri (yoki uning topshirigʻiga muvofiq boshqa masʼul shaxslar) tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.

    Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yarim baravari mikdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti yoki esdalik sovgʻalari beriladi.

    Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.

    “Oʻz kasbining ustasi” belgisi bilan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida faoliyat koʻrsatayotgan muhandis, elektromontyor, kabelchi, pochtachi, antennachi-machtachi, operator, feldyeger kabi ommaviy kasb egalari oʻzining bilimi va salohiyati hamda yuqori kasbiy mahorati bilan sohani rivojlantirishga qoʻshgan munosib hissasi, yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash borasida samarali mehnatlari uchun taqdirlanadi.

    “Oʻz kasbining ustasi” belgisi har yili 7-may - aloqa sohasi xodimlarining kasb bayrami arafasida Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri (yoki uning topshirigʻiga muvofiq boshqa masʼul shaxslar) tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.

    “Oʻz kasbining ustasi” belgisi bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti yoki esdalik sovgʻalari beriladi.