Shirin shahar hokimligi rasmlari

Shirin shahrini koʻpchilik nurchilar shahri sifatida eʼtirof etadi. Bu bejiz emas, albatta, chunki uning yaralish tarixi ikki yirik inshoot “Farhod GES”i va “Sirdaryo IES”ning tashkil topishi bilan bogʻliq.

Shirin shahrining tarixi Mirzachoʻlni oʻzlashtirishdek olamshumul voqea bilan chambarchas bogʻliq. Garchand, shahar 1972-yilda tashkil topgan boʻlsada, uning yaralish tarixi 1943-yilga toʻgʻri keladi. Oʻsha yili Oʻzbekiston energetikasi tarixidagi muhim voqea roʻy berdi, mamlakatimiz energetikasining qaldirgʻoch nurxonalaridan boʻlgan “Farhod GES”ning qurilishi boshlangan. Korxona qurilishi bilan bir vaqtda uning bunyodkorlari uchun aholi yashash joyi ham paydo boʻldi. Azim nurxonaga bejiz Farhod, aholi maskani esa Shirin deb nomlanmadi. Sababi, shaharning sharqi-gʻarbidan uncha uzoq boʻlmagan joyda Farhod qoyasi qad koʻtarib turibdi, uning pastida esa Shirinqiz soyi oqib oʻtgan. Ulkan bunyodkorlik ishlari mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidan ilhomlanib amalga oshirilgan, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Yaʼni, afsonani abadiylashtirish maqsadida mazkur jugʻrofiy hududga afsona qahramonlari nomi berildi.

1948-yil “Farhod GES”ning 1-2-agregatlari ishga tushirildi. Ushbu inshootning qurilish ishlariga A.A. Sarkisov, A.H. Hamidovlar boshchilik qildi.

1966-yilda yana bir ulkan bunyodkorlik ishiga qoʻl urildi. Yirik elektr ishlab chiqarish stansiyasi, “Sirdaryo IES”iga birinchi poydevor yotqizildi. Shu bilan bir vaqtda, Shirin shahrining poydevoriga ham tamal toshi qoʻyildi. Bunday sharafli ishga mohir quruvchilar Semyon Funk, Mixail Voronin, Toʻxtasin Joʻraboyevlar boshchilik qildi. Yurtimiz xaritasida yangi shahar paydo boʻldi.

Shirin shahri mustaqillik yillarida beqiyos chiroy ochdi. Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida, ayniqsa, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini hayotga joriy etish asosida mamlakatimizning siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotini tubdan yangilash, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” gʻoyasini real voqelikka aylantirish borasida salmoqli yutuqlar qoʻlga kiritilyapti. Jumladan, ushbu tamoyil asosida shahardagi Shirin energetika kolleji, umumiy oʻrta taʼlim maktablari, tibbiyot birlashmasi, maktabgacha taʼlim tashkilotlariga yangi zamonaviy tus berilishi, “Yoshlar xiyoboni”, “Energetiklar” muzeyi, aholiga xizmat koʻrsatish shoxobchalari, sport inshootlarining tashkil etilishi shahar hayotiga yangicha fayz olib kirdi, deb xabar beradi Shirin shahar hokimligi matbuot xizmati.

Ha, endilikda Shirin shahri tom maʼnoda oʻz nomiga xos va mos shaharga aylanib boryapti. Taʼbir joiz boʻlsa, Navoiy dostoni qahramonlari oʻzlarining ikkinchi umrini yashayapti.