Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 oktyabrdan “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlab (xatlab) qo‘yilganligi, shuningdek taqiqlab (xatlab) qo‘yish bekor qilinganligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar banki joriy etiladi.

Ma’lumotlarni elektron ma’lumotlar bankiga kiritishda:

jismoniy shaxsning shaxsiga oid va avtomototransport vositalariga oid ma’lumotlar – Ichki ishlar vazirligi;
yuridik shaxsga oid ma’lumotlar – Adliya vazirligi;
ko‘chmas mulkka oid ma’lumotlar – Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi;
qishloq xo‘jaligi, meliorasiya va yo‘l-qurilish texnikalariga oid ma’lumotlar – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi;
attraksionlar va ko‘tarish inshootlari (minora kranlari)ga oid ma’lumotlar – Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi;
kemalarga oid ma’lumotlar – Transport vazirligi;
kichik hajmli kemalarga oid ma’lumotlar – Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining elektron axborot tizimlari orqali real vaqt rejimida amalga oshiriladi.

Elektron ma’lumotlar banki davlat tilida shakllantiriladi va yuritiladi.

Notarius elektron ma’lumotlar banki orqali mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlab qo‘yishi va taqiqni bekor qilishi mumkin.

Mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlab yoki xatlab qo‘yish, shuningdek, uni bekor qilishda to‘lov undirilmaydi.

Murojaatga asosan elektron ma’lumotlar bankida mavjud ma’lumotlar notarius va (yoki) notarial arxiv mudiri tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali yoxud E-notarius.uz axborot portali orqali taqdim etiladi.