Mol-mulkning haqiqiy qiymatini aniqlashda yagona yondashuv joriy etiladi

    Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-945-son, 26.08.2024-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.

    Unga koʻra, “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunga baholovchi nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan tekshirishlarda va boshqa tadbirlarda faqat baholovchi tashkilot hamda ushbu organlar oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida ekspert sifatida ham ishtirok etishi mumkinligini nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritildi.

    Bundan tashqari “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, kamida 3-yil ish stajiga ega boʻlgan sud ekspertlari baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarda qoʻllanilgan usullarning ilmiy jihatdan asoslanganligi nuqtayi nazaridan sud ekspertizasini oʻtkazishi mumkin.

    Shuningdek sud ekspertining tekshirishlarni oʻtkazishda uning xulosasiga nisbatan belgilangan talablarga va tegishli sohadagi qonunchilik hujjatlariga rioya etish boʻyicha majburiyati nazarda tutilmoqda.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.