Yorqin Tursunov Vatan ravnaqi, oʻz ishi uchun oʻzini oxirgi soniyalarini bagʻishlagan ulkan qalbli shaxs edi.
20 yildan ortiq vaqt mobaynida Yorqin Ergashevich Moliya vazirligi tizimida ishlagan, u yerda har doim oʻzining mehnatsevarligi, xar bir ishga yuqori masʼuliyat va puxtalik bilan yondashishi, har kimni tushunish qobiliyati bilan ajralib turar edi.
Yorqin Ergashevich doimo mavjud boʻlgan barcha kamchiliklarni oʻrganishga harakat qilar edi, har doim insonlar bilan muloqotga ochiq edi. Uning butun faoliyati hududlar va butun mamlakatni rivojlantirish uchun xizmatga bagʻishlandi.Hududlar bilan ishlash mobaynida Respublikaning tashrif etmagan yagona mintaqa, tuman qolmadi.
Yorqin Ergashevich hech qachon oʻz tajribalari, bilimlari va koʻnikmalarini hamkasblari va shogirdlari bilan boʻlishishdan charchamas edi. Koʻp yillik samarali mehnati doirasida ustoz-shogird tamoyillari asosida koʻplab salohiyatli kadrlarni yetkazib chiqarishda katta hissa qoʻshgan rahbar.
Ziyrak rahbar, oliyjanob hamkasb, namunali oila boshligi, sodiq doʻst va ulkan qalbli shaxs. “Vatanga halollik va sadoqat bilan xizmat qilish” shiori bilan yashagan oʻz ishining ustasi va mamlakat vatanparvari, shijoatli hamda fidoiy inson boʻlib xotirlanadi, va doimo qalblarimizda ajoyib inson boʻlib qoladi.
Ushbu ogʻir yoʻqotish munosabati bilan, Yo.Tursunovning oila aʼzolariga taʼziya bildirib, sabr tilab qolamiz.
Yorqin Tursunov 1965-yilda Samarqand viloyating Xatirchi tumanida tugʻilgan. 1990-yilda Toshkent xalq xoʻjaligi institutini bakalavrini tamomlagan. Mutaxassisligi moliyachi.
Mehnat faoliyatini 1990-yilda Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahri hokimiyati moliya boʻlimi aholini ijtimoiy himoyalashni moliyalashtirish boʻyicha nazoratchi inspektori, byudjet inspeksiyasi I toifali iqtisodchisi lavozimidan boshlagan.
1993- 2002-yillarda Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahri hokimiyati moliya boʻlimi mudiri oʻrinbosari – byudjet inspeksiyasi boshligʻi, keyinchalik boʻlim mudiri boʻlgan.
2002-2006-yillarda Navoiy viloyati hokimiyati moliya boshqarmasi boshligʻi boʻlib ishlagan.
2006-2012 va 2016-2018-yillarda Moliya vaziri oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
2012-2016-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari – Ijtimoiy va moliyaviy taʼminot xizmati boshligʻi
Moliya vaziri oʻrinbosari lavozimiga qadar, Yorqin Tursunov Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori lavozimini egallagan.
Hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlari, ularni moliyalashtirish boʻyicha samarali faoliyat olib borgan.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati