Moliya vazirligi davlat qarzining holati va oʻzgarishi toʻgʻrisidagi axborotlarni har chorakda rasmiy veb-saytiga joylashtirib boradi

    Moliya 4 Avgust 2022 1134

    Senatining yigirma toʻqqizinchi yalpi majlisida “Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Qonun bilan davlat qarzi va unga xizmat koʻrsatish xarajatlarining ustuvorligi, davlat qarzining cheklangan hajmlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlarni belgilash koʻzda tutilgan.

    Shuningdek, qonunni ishlab chiqishda davlat qarzini boshqarishda parlament va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish boʻyicha samarali yaxlit tizimni yaratishga eʼtibor qaratilgan.

    Qonun bilan davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi, davlat qarzi hisobidan faqat ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish mumkinligi belgilanmoqda.

    Qonun normalariga muvofiq davlat qarzini boshqarish sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi palatalari, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va Moliya vazirligining vakolatlari belgilanmoqda.

    Xususan, Moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish boʻyicha vakolatli organ etib belgilanmoqda.

    Davlat qarzi va davlatning shartli majburiyatlari boʻyicha xatarlarni boshqarish, davlat qarzini boshqarishning asosiy prinsiplari, maqsadlari va strategiyasi hamda davlat qarzi boʻyicha majburiyatlarni oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishi, davlat qarzini barqaror darajada saqlashga qaratilgan normalar aniq belgilab berilmoqda.

    Bundan tashqari, Qonunda davlat kafolatini berish tartibi, davlat kafolati berilmaydigan holatlar, qarz oluvchi-rezidentlarning majburiyatlari, davlat kafolatini bekor qilishga oid qoidalar oʻz aksini topgan.

    Taʼkidlanganidek, davlat qarzi boʻyicha majburiyatlarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishi Oʻzbekiston Respublikasiga qarz oluvchi sifatidagi ishonchning ortishiga, bu esa oʻz navbatida kelgusida zarur mablagʻlarning moʻtadil narxlarda jalb qilinishiga yordam beradi.

    Davlat qarzi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va shu bilan bogʻliq jarayonlar haqida fuqarolarimizni toʻliq xabardor qilish tartibi ham Qonunda oʻz ifodasini topgan.

    Shu maqsadda, Moliya vazirligi tomonidan davlat qarzining holati va oʻzgarishi toʻgʻrisidagi axborotlar yilning har choragida oʻz rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi belgilangan.

    Davlat qarzi toʻgʻrisidagi axborotning ochiqligi va va shaffofligini taʼminlashga qaratilgan Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.