Xabarda aytilishicha, shu yil 7 may kuni Moliya vazirligiga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi loyihasi kelib tushgan.

Farmoyish loyihasida Qurilish vazirligining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida “Land Cruiser 200” rusumli avtomashinasini istisno tariqasida tanlovlarsiz, to'g'ridan-to'g'ri shartnoma asosida xarid qilish ko'zda tutilgan edi.

O'zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to'g'risida”gi qonunining maqsadi davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Qonunning 4–12-moddalarida davlat xaridlarining asosiy printsiplari belgilangan bo'lib, ular davlat xaridlari jarayonining barcha bosqichlarida qo'llanishi kerak, deyiladi vazirlik axborotida.

Qolaversa, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi 5780-sonli farmonining 27-bandida vazirlik va idoralar, shuningdek, xo'jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda istisno tarzida to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar tuzish huquqini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish taqiqlangan.

Mazkur farmoyish loyihasida to'g'ridan-to'g'ri shartnoma asosida davlat xaridini amalga oshirish bo'yicha kiritilgan norma davlat xaridlari to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga zid bo'lgani, shuningdek, davlat xaridlarining ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik, moliyaviy mablag'lardan oqilona foydalanish, tejamkorlik va samaradorlik kabi printsiplarga tayangan holda amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida farmoyish loyihasidan ushbu normani chiqarib tashlash bo'yicha Moliya vazirligi taklif bildirdi.