Chunonchi, Soliq kodeksida:
121-“Soliq qarzini bank hisobvaraqlaridagi pul mablagʻlari hisobidan undirish” moddasini quyidagi mazmundagi qism bilan toʻldirish taklif etilmoqda:
“Qarzdor korxonaning soʻmlardagi mablagʻi yetarli boʻlmagan va valyuta hisobvaraqlarida mablagʻlari mavjud boʻlgan taqdirda vakil qilingan banklarga soliq idoralarining taqdimnomasi boʻyicha mazkur valyuta mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi valyuta birjasida sotiladigan kundagi kurs boʻyicha, byudjet oldidagi qarzni uzish uchun zarur hajmlarda qatʼiy tartibda sotish huquqi beriladi”.
134-“Banklarning soliq nazoratini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlari” moddasini quyidagi mazmundagi qism bilan toʻldirish taklif etilmoqda:
“Xoʻjalik yurituvchi subyekt xizmat koʻrsatuvchi boshqa bankka oʻtganida u soliq idorasining soliqlar hamda boshqa toʻlovlar boʻyicha oʻzining davlat byudjeti bilan oʻzaro munosabatlari qanday holatda ekani toʻgʻrisidagi xulosasini taqdim etadi. Bunda xoʻjalik yurituvchi subyekt byudjet oldidagi oʻz majburiyatlarini toʻliq bajargandan keyingina yangi hisobraqamni ochishga yoʻl qoʻyiladi”.
FKning 794-“Topshiriqni ijro etish” moddasini quyidagi mazmundagi qismlar bilan toʻldirish taklif etilmoqda:
«Tijorat banklari yetkazib berilgan mahsulot (bajarilgan ishlar, xizmatlar) uchun haqni bevosita mahsulot yetkazib beruvchilarga toʻlaydi. Bunda toʻlovlarning uchinchi shaxslar hisobidan undirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, tovarlarni (xizmatlarni) elektron tijorat orqali realizatsiya qilish holatlari bundan mustasno.
Korxonalar va tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi yuridik va jismoniy shaxslarga veksellar bilan operatsiyalar boʻyicha yoki bajarilishi toʻxtatilgan shartnoma boʻyicha oldindan toʻlash holida tushgan toʻlovlarni qaytarish maqsadida naqd pul mablagʻlarini toʻlashga yoʻl quyilmaydi. Mazkur pul mablagʻlari yuridik va jismoniy shaxslarning tegishli hisob-kitob (joriy) varaqlariga oʻtkazilishi lozim. Belgilangan tartibni buzganlik uchun aybdor korxona va tijorat bankiga yuridik yoki jismoniy shaxsning bank hisobvaragʻiga oldindan oʻtkazilmay berilgan naqd pul mablagʻi miqdorida jarima solinadi».
Bundan tashqari, 29.08.1998-yildagi “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi 670-I-son Qonunning 3-moddasini quyidagi mazmundagi qism bilan toʻldirish:
“Oʻzbekiston Respublikasi doirasida mahsulot yetkazib berish toʻgʻrisida mavoza (barter) asosidagi shartnomalar tuzish taqiqlanadi”.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Bahodir Qayumov.