Moliya vazirligi mutasaddilari joriy yilning 24-may kuni va Moʻgʻulistonning bank-moliya faoliyati bilan shugʻullanadigan barcha Moʻgʻuliston banklari va boshqa tegishli moliya institutlarini birlashtirgan Moʻgʻuliston bankirlari assotsiatsiyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Tashrifdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekiston bank-moliya sektori bilan tanishish, investitsiya imkoniyatlarini qidirish va ikki mamlakat moliya sektorlari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan iborat boʻldi.
Uchrashuvda sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi direktori Kamoliddin Talipov Oʻzbekiston Respublikasi sugʻurta bozorining holati toʻgʻrisidagi taqdimoti bilan soʻzga chiqdi. Moliya vazirligi Davlat byudjeti boshqarmasi byudjet siyosati va konsolidasiyalashgan byudjetni shakllantirish boʻlimi boshligʻi Shoxrux Ishonqulov fiskal siyosat boʻyicha maʼruza qildi.
Oʻz navbatida, Moʻgʻuliston vakillari taqdimot va maʼruzaga oid oʻz savollarini berib, uchrashuv yakunida ikki mamlakat oʻrtasida moliya va sugʻurta sohasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istagini bildirdilar.