Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari joriy qilinadi

    Tadbirkorlar tomonidan moliyaviy hisobotlarni oʻz vaqtida hamda sifatli taqdim qilish oʻta muhim jarayonlardan biri sanaladi.

    Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtishni jadallashtirish orqali xorijiy investorlarni zarur axborot muhiti bilan taʼminlash va xalqaro moliya bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek hisob va audit sohalari mutaxassislarini xalqaro standartlar boʻyicha tayyorlash tizimini takomillashtirish rivojlanib borayotgan davlatlarning oldida turgan asosiy vaziflardan biri hisoblanadi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan tadbirda deputatlar sohani huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan — “Moliyaviy hisobotning halqaro standartlariga oʻtish munosabati bilan buxgalteriya hisobini tartibga solish tizimini takomillashtirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.

    Qayd etilganidek, qonun loyihada buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish tartibi buzilishlarining olidini olish, buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan majburiyatlarni maʼsuliyat bilan bajarilishini taʼminlashga qaratilgan normalar oʻz aksini topmoqda. Shuningdek, qonun loyihasi bilan moliyaviy hisobotni eʼlon qilish muddatlari qisqartirilib, moliyaviy hisobotni oʻz vaqtida tayyorlash va eʼlon qilish muddatlari belgilanmoqda.

    Deputatlarning taʼkidlashicha, tadbirkorlar tomonidan moliyaviy hisobotlarni oʻz vaqtida hamda sifatli taqdim qilish oʻta muhim jarayonlardan biri sanaladi. Chunki, hisobotlardagi aniqlik mazkur tadbirkorning faoliyati haqida toʻliq tasavvur uygʻota oladi. Bu esa, oʻz navbatida investorlar hamda halqaro ekspertlar tadbirkorlar faoliyatiga baho berishda oʻta muhim axborot hisoblanadi. Bunday axborotlar iqtisodiyotimizning investitsion jozibadorligini yana-da oshirishga xizmat qiladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.