Murojaatda u xonadoniga kirish qismiga oʻrnatish uchun Choʻrindi qishlogʻida yashovchi hunarmand usta E. F. ga temir darvozaga buyurtma berganligi va buyurtma qiymatini toʻliq, yaʼni 6 800 000 (olti million sakkiz yuz ming) soʻm naqd pulda oldindan toʻlab ham qoʻyganligini, lekin shunga qaramasdan usta tomonidan buyurtma boʻyicha ishlar bajarilmasdan kelayotganligini bildirgan.

– Oʻzim tirikchilik sabab Toshkent shahrida ishdaman. Pulini toʻlab qoʻygan boʻlsamda, usta xonadonim kirish qismiga haligacha darvozani oʻrnatib bermaganligi, oilamning xavfsizligi uchun doimiy xavotirda qolishimga sabab boʻlyapti, – deydi u murojaatida. – Shu sababli mazkur murojaatimni tez muddatlarda oʻrganib chiqib, ijobiy hal qilishda amaliy yordam koʻrsatsangiz.

“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunning 19-moddasiga koʻra, ijrochi shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi shart. Agar ijrochi shartnomani ijro etishga oʻz vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon boʻlib qolsa, isteʼmolchi ishni bajarish toʻgʻrisidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli. Shuningdek, ish bajarishni boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, ijrochi isteʼmolchiga har bir kechiktirilgan kun uchun ish yoki buyurtma qiymatini bir foizi miqdorida neustoyka (penya) toʻlaydi.

Ustaga qonunning mazkur talablari, shuningdek ishni bajarishni kechiktirish kuniga buyurtma qiymatining bir foizi, yaʼni 68 000 (oltmish sakkiz ming) soʻmdan neustoyka (penya) hisoblanishiga va uning tomonidan ishni topshirish jarayonida isteʼmolchiga toʻlab berilishiga sabab boʻlishi tushuntirilgach, u buyurtma boʻyicha ishni oxiriga yetkazishga zudlik bilan kirishib, darvozani belgilangan joyga oʻrnatib qoʻydi.

Hurmatli tadbirkor va ishbilarmonlar, unutmang! Isteʼmolchilarga tovarlar sotish, xizmatlar koʻrsatish, ishlar bajarish jarayonida shartnoma shartlariga amal qilmaslik, undagi majburiyatlarni toʻliq yoki umuman ado etmaslik, ishlarni bajarishni paysalga solish va boshqa shu kabi holatlar amaldagi isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunlarga asosan, isteʼmolchi tomonidan Sizga nisbatan neustoyka (penya)larni qoʻllanilishiga va buning natijasida muayyan mablagʻni yutqazib qoʻyishingizga olib keladi. Qonunlardan yaxshi xabardor boʻlgan, huquqiy bilimli isteʼmolchi esa bu borada Sizni anchagina qiynab qoʻyishi turgan gap.

Dilorom Mirzayeva,

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini

himoya qilish jamiyatlari federatsiya

matbuot xizmati