Bugun xalqaro andozalar darajasida jihozlangan hunar maskanida malakali pedagoglar jamoasi ishsiz aholi, xususan, yoshlarga kasb-hunar sirlarini oʻrgatmoqda.
“Ishga marhamat” monomarkazida band boʻlmagan aholi va ishsiz fuqarolar, xususan, xotin-qizlar va yoshlarga kasb-hunar oʻrgatish jarayoni yildan yilga kengayib borayotganini koʻrish mumkin. Masalan, 2021-yilda monomarkazda 22 turdagi qisqa muddatli kurslarda 1 ming 870 fuqaroga kasb-hunar oʻrgatilgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich sezilarli oshgan: 29 yoʻnalish boʻyicha 3 mingga yaqin mutaxassis tayyorlangan. Shundan 2005 nafari ayol-qizlar, qolgani erkaklar hissasiga toʻgʻri keladi. Bitiruvchilarning 1777 nafari 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar ekani mamlakatimizda navqiron avlodga qaratilayotgan eʼtibordan dalolat.
Tabiiyki, mehnat bozori ham talab va taklif asosida shakllanadi. Bu jarayonda talab boʻsh ish oʻrinlarini oʻrganishga ehtiyoj, taklif esa band boʻlmagan ishchi kuchining mavjudligi yoki ish oʻrnini oʻzgartirish istagi sifatida maydonga chiqadi. Yurtimizda aholi bandligini taʼminlashda munosib yechim sifatida mana shu jihatga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish asosida doimiy daromad keltiradigan ishga jalb qilish, turmush darajasini oshirish maqsad qilingan. Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida “har bir fuqaroga davlat hisobidan aniq kasb-hunarga oʻqish imkoniyatini yaratish, kasbga oʻqitish koʻlamini 2 barobar oshirib, jami 1 million nafar ishsiz fuqaroni kasb-hunarga oʻqitish va bu jarayonda nodavlat taʼlim muassasalarining ishtirokini 30 foizga yetkazish” vazifasi belgilangan. Shu maʼnoda, joriy yilning yanvar–iyul oylarida “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”iga kiritilgan 150 fuqaroga kasb-hunar oʻrgatilgani topshiriqlar qogʻozda qolib ketmayotganini koʻrsatadi.
Monomarkaz binosida Yashnobod tuman bandlikka koʻmaklashish boʻlimi ham faoliyat yuritadi. Bu aholiga bir vaqtning oʻzida bir joyda bir nechta turdagi xizmat koʻrsatish imkoniyatini beradi. Masalan, fuqaro dastlab boʻsh ish oʻrinlari bilan tanishtiriladi. Shundan soʻng xohishiga koʻra talab yuqori, boʻsh ish oʻrinlari mavjud boʻlgan kursda tahsil olishiga imkoniyat yaratiladi. Bu ularga koʻrsatilayotgan ikkinchi xizmat turi sanaladi.
— 2022-yilda monomarkazda texnik sohalar boʻyicha mehnat bozorida talab ortib borayotgan konditsionerlarga texnik xizmat koʻrsatish ustasi, tikuv mashinalarini taʼmirlash ustasi, surdotarjimonlik ochildi, — deydi Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi direktori Oygul Sattorova. — Turizm sohasi vakillari bilan oʻzaro kelishuvga asosan, sayyohlik boʻyicha faoliyat yuritayotgan, mehmonxona va restoranlarda ishlayotgan xodimlar malakasini oshirish boʻyicha mehmonxona xoʻjaligi xizmati va mehmonxona maʼmuri yoʻnalishlarida 80 soatga moʻljallangan malaka oshirish kurslari, maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda xodimlar malakasini oshirish boʻyicha masofaviy onlayn kurslar tashkil etildi. Ularda koʻplab yoshlar kasb-hunar egallamoqda.
Oʻtgan yil avgustidan boshlab mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda boshqaruv servis kompaniyalari rahbar-xodimlarining koʻp qavatli uylarda kommunal xizmat koʻrsatish boʻyicha malakasini oshirish uchun oʻquv kurslari tashkil etib kelinmoqda. Shu kungacha poytaxtimizdagi 202 ta boshqaruv servis kompaniyalaridan 102 tasining rahbarlari va xodimlari malakasi oshirildi. Bu jarayon joriy yilda ham davom ettiriladi.
— Qoʻlimda biror hunarim yoʻq edi, — deydi Komron Kupalov. — Shu sabab ancha yil ishsiz yurdim. “Ishga marhamat” monomarkazi haqida eshitib, shu yerga keldim. Sharoiti, imkoniyati bilan tanishgach, payvandchilikni oʻrganishga qaror qildim. Chizmachilik, toʻrt xil payvandlash turi boʻyicha malakali ustozlar hunar oʻrgatyapti. Bu kasbni yaxshilab oʻrganganimdan keyin Janubiy Koreyaga ishga ketmoqchiman. U yerda kemasozlik boʻyicha ishlashni niyat qilganman.
Aholiga tadbirkorlik asoslarini oʻrgatish, tinglovchilarning moliyaviy va huquqiy savodxonligini oshirish ham katta ahamiyatga ega. Shu bois, monomarkaz “Sabr mikrokredit tashkiloti” MCHJ bilan hamkorlikda Jahon bankining “Aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini mustahkamlash loyihasi” doirasida 450 dan ortiq fuqaroni tadbirkorlik asoslari boʻyicha oʻqitdi.
Markazda inklyuziv taʼlimga katta eʼtibor qaratilgan. Bu yerda “Imkoniyatlar markazi” tashkil etilgani tayanch harakatida nuqsoni boʻlganlarga koʻmak beryapti. Yuqori qavatga chiqish imkoniyati boʻlmagan yurtdoshlarimiz binoning birinchi qavatidagi maxsus xonada bir nechta kasbga oʻrgatiladi. Ular uchun barcha sharoit yaratilgan. Zaif eshituvchi yoki gapirishda nuqsoni boʻlganlar maxsus surdotarjimon xizmatidan foydalanadi. Oʻtgan yili 72 nafar, 2023-yilning oʻtgan 7 oyida 61 nafar imkoniyati cheklangan tinglovchi, jumladan, kar-soqov va tayanch harakatida nogironligi bor fuqaro ayollar sartaroshligi, tikuvchilik, chilangarlik, maishiy texnikalarni taʼmirlash ustasi, neyl stilist, qandolatchilik va oshpazlik boʻyicha kasbga oʻrgatildi.
— Veb dasturchilik, axborot texnologiyalari yoʻnalishida oʻqish uchun bu yerga keldim, — deya fikrini imo-ishora bilan tushuntiradi Abdurahim Razzoqov. — Bu keyingi faoliyatim uchun juda ham zarur. Asli kasbim suratkash. Shu sohani yanada chuqurroq oʻrganish, takomillashtirishga, biroz qiynalsam ham nimanidir tushunishga, axborot texnologiyalari boʻyicha koʻproq maʼlumot olishga harakat qilyapman. Alohida dastur yaratish menga juda yoqdi. Bu sohani yaxshilab oʻrganganimdan soʻng dunyo kezmoqchiman. Olgan suratlarimni namoyish etaman. Oʻzbekiston dovrugʻini ham suratlarim orqali dunyoga taratmoqchiman.
Oʻquv dasturlari va ishchi oʻquv rejalari moslashtirilgan holda boshqa yoʻnalishlarda ham imkoniyati cheklanganlarning kasb-hunar oʻrganishi uchun tayyorlandi. Shu kunlarda Oʻzbekiston Karlar jamiyati bilan hamkorlikda surdotarjimonlik boʻyicha 3 oylik maxsus kurs tashkil etildi. Bugungacha 100 ga yaqin yigit-qiz shu yoʻnalishda oʻqitilib, ish bilan taʼminlandi. Shuningdek, Toshkent shahridagi “Sharoit plyus” nogironlar jamoat birlashmasi bilan hamkorlikda koʻrishida nuqsoni boʻlganlar va koʻzi ojizlar uchun kompyuter operatori kursi tashkil etildi. Birinchi guruhda 4 nafar fuqaroga yoʻllanma asosida bepul kasb oʻrgatildi. Ayni vaqtda esa 9 nafar koʻrish imkoniyati cheklangan yurtdoshimiz kompyuter operatorligini oʻrganmoqda.
Monomarkazda chet tillarni oʻqitishga ham eʼtibor qaratilmoqda. Yapon, rus, ingliz va koreys tillari boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etilgan. Qisqa muddatli kurslarda tinglovchilar ikki yoʻnalishda tahsil oladi. Xorijda ishlash istagidagi yurtdoshlarimiz uchun alohida til kurslari bor. Unda chet tilini noldan boshlab, yuqori darajagacha oʻrgatish yoʻlga qoʻyilgan. Shu yilning oʻtgan 7 oyida 102 nafar fuqaro xorijiy tillarni oʻrganib, tegishli guvohnoma oldi. Til oʻrganuvchilar orasida 60–70 yoshdagi hamyurtlarimiz ham bor. Yoshga qadar cheklovning yoʻqligi shunday imkoniyatni taqdim etmoqda.
Joriy yilda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursant qizlari uchun OTMning oʻzida sartaroshlik, tikuvchilik, kosmetologiya bilan bir qatorda, rus va ingliz tillari ham oʻrgatildi. Ayni vaqtda Toshkent stomatologiya institutining 40 nafarga yaqin talabasiga koreys tili boʻyicha bilim berilmoqda.
Xorijiy davlatlar va xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda ham monomarkazda bir qancha loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, kelgusida ikki tomonlama hamkorlik masalalarini atroflicha muhokama qilish uchun oʻtgan yil davomida 40 dan ortiq xorijiy davlat va kompaniyalarning nufuzli vakillari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, hamkorlik memorandumlari imzolandi. Jumladan, monomarkazga Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Polsha, Kuvayt, Germaniya, AQSH, Rossiya, Kanada, BAA delegatsiyalari, shuningdek, Xalqaro mehnat tashkiloti, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH davlatlari mintaqaviy byurosi, Jahon banki kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning rasmiy vakillari keldi. Oʻzbekistonda aholi bandligini taʼminlashga koʻmaklashish va kambagʻallikni qisqartirishga hissa qoʻshib kelayotgan yangicha tizim bilan yaqindan tanishdi.
Monomarkazda kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha xorijlik yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish borasida ham bir qancha salmoqli ishlar qilinayotir. Masalan, oʻquv maslahat ofisi tomonidan chet el tajribasi va amaliyotini ish jarayoniga tatbiq etish uchun shu kunga qadar dastlabki bosqichda turkiyalik 65 mutaxassis yurtimizdagi monomarkazlarga jalb etildi. Kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha ular bilan tajriba almashildi. Chet ellik mutaxassislar koʻproq ishlab chiqarish sohasida 20–30 yillik tajribaga ega. Ular oshpazlik, qandolatchilik, xizmat koʻrsatish va texnik sohada ishchilar tayyorlash uchun xorij tajribasini monomarkazda joriy etishda mahalliy mutaxassislarga yaqindan yordam beradi.
— Bolalar va keksalarni parvarishlash boʻyicha mutaxassisman. Oʻzbekistonga kelganimga olti oy boʻldi. Besh oy Toshkentdagi “Ishga marhamat” monomarkazida ishladim. Bir oy Urganchda boʻldim. Monomarkazlarda tinglovchilarga bolalarni har tomonlama rivojlantirish uchun zarur mashgʻulotlar olib bordim. Bu yoʻnalishda nafaqat Oʻzbekiston yoki Turkiya, balki dunyoda boʻlayotgan yangiliklarni kuzatib boraman. Kuzatuvlarim natijasida oʻyin terapiyasi tufayli bolalarning aqliy rviojlanish jarayoni tezlashib ketganini koʻryapman. Bu esa sohada malakali mutaxassislarni yana ham koʻproq tayyorlash zaruratini yuzaga keltirmoqda. Shu bois, bolani tushunish, aloqa oʻrnatishga oʻrgatadigan bu kasbni egallash muhim, — deydi Turkiyaning Izmir shahridan kelgan Selma Onbasi. — Monomarkazlarda barcha imokniyat yaratilgan. Bu yerda yaxshi mutaxassis boʻlib yetishish mumkin. Nafaqat mamlakatingizda, balki xorijda ham ishlay olishga yordam beradigan, xalqaro talablarga javob beradigan tizim yaratilgan.
— Monomarkazlarda kasb-hunarga oʻqitish jarayoniga xorij tajribasini integratsiya qilish orqali ham ichki, ham tashqi mehnat bozoriga sifatli kadrlar tayyorlab berish maqsad qilingan, — deydi “Ishga marhamat” monomarkazi direktori Oygul Sattorova. — Bugun talab oshib borayotgan kasblardan biri maktabgacha yoshdagi bolalar tarbiyachiligidir. Joriy yil hisobidan 270 dan ortiq yosh shu yoʻnalishda tahsil olib, ishini topdi.
Shunday talabgir yoʻnalishlardan yana biri – elektromobillarga texnik xizmat koʻrsatish xizmati. Mamlakatimizda elektromobillar soni kun sayin ortib borayotgani sir emas. Tabiiyki, hademay ularga ham texnik xizmat koʻrsatish zarurati yuzaga keladi. Toshkent shahri va hududlardagi monomarkazlarda shu yoʻnalishda kasbga oʻqitishni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, bugun quyosh panellari oʻrnatish va ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha ham mutaxassislar tayyorlash borasida loyihalar ishlab chiqilmoqda.
— Monomarkaz bitiruvchilarining kasbiy malakasini baholashda ham amaliy tizim yoʻlga qoʻyilgan, — deydi monomarkazning statistik maʼlumotlar va xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Shohrux Nuraliyev. — Yakuniy malaka imtihoni joriy etilgan. Masalan, fuqaro yoʻllanma asosida kelib dastlab imtihonsiz oʻqishni boshlashi mumkin. Lekin kurs tugagan paytda yakuniy malaka imtihoni tashkil etiladi. Oʻsha imtihonda bitiruvchining bilimi sarhisob qilinadi. Yakuniy malaka imtihoniga Oʻzbekistondagi mashhur brendlar, tashkilotlar, kompaniyalardan mutaxassislar jalb etiladi. Biz faqatgina bunga sharoit yaratib beramiz. Ekspertlik qilgan vakillar yakuniy malaka imtihonida bitiruvchilarimiz bilimiga baho berib, ishga taklif etishadi. Bu ham bitiruvchilarimiz bandligiga koʻmaklashish borasidagi bitta amaliy tizim.
Markazda gender tenglik masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayollar va erkaklarning tanlagan kasbi boʻyicha oʻqish imkoniyati teng. Masalan, yuk koʻtarish krani operatori sohasida erkaklarga qaraganda ayollar faol. Ular minorali kranlarni boshqarishga qiziqadi. Bugun ular ham mehnat bozorining mana shu jabhasiga dadil kirib boryapti. Qurilish maydonlarida ularni tez-tez uchratyapmiz. Bunga talab ham oshib boryapti. Talabdan kelib chiqib oʻqityapmiz.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri