Monomarkaz — kasbga tayyorlashning samarali yo'li

    Yiliga 5 ming 600 kishini o'qitish imkoniyatiga ega markazda 22 ta kasbga o'rgatish yo'lga qo'yildi.

    Bugun odamlarni ish bilan ta'minlash, biror faoliyat turiga jalb etishning eng samarali yo'li — ularni kasb-hunarga o'qitish ekani, mamlakatimiz tajribasida yaqqol namoyon bo'lmoqda. O'tgan qisqa vaqt ichida yoshlar, ayniqsa, ishsiz aholi qatlamini bu tizimga jalb qilish, kelgusida oliy ta'limni davom ettirishidan qat'iy nazar, ularga hayotida asqotadigan biror hunarni o'rgatish, egallagan kasbi bo'yicha bo'sh ish o'rinlari yaratish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi.

    Ana shunday xayrli ishlar avvalida Prezidentimiz qarori bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida tajriba sifatida “Ishga marhamat” monomarkazi tashkil etilib, ilk faoliyatini 2019-yil sentyabr oyida Yashnobod tumanida boshlagan edi. Yiliga 5 ming 600 kishini o'qitish imkoniyatiga ega markazda talab yuqori bo'lgan qurilish, maishiy xizmat, texnik-muhandislik kabi sohalar bo'yicha jami 22 ta kasbga o'rgatish yo'lga qo'yildi. Buning uchun markazda zarur texnik vositalar, innovatsion xonalar, malakali pedagoglar jamoasi yaratildi.

    Tahlillarga ko'ra, Monomarkaz xizmatidan foydalanyotgan va kasb-hunar o'rganish istagida murojaat qilayotganlarning ko'pchiligini xotin-qizlar tashkil qiladi. Markazning qisqa muddatli faoliyati natijasi bunday muassasa aholi, ayniqsa, kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar bandligini ta'minlashda muhim o'rin tutayotgani, uning filiallarini respublikaning boshqa hududlarida ham ochishga ehtiyoj va talab yuqoriligini ko'rsatdi. Prezidentimizning 2020-yil 11-avgustdagi “Kambag'al va ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o'qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta'minlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori monomarkazlar sonini ko'paytirish uchun me'yoriy asos bo'ldi. Ayni paytda bosqichma-bosqich mamlakatimizning 15 ta hududida “Ishga marhamat” monomarkazlari aholiga o'z xizmatlarini ko'rsatib kelmoqda.

    Monomarkaz faoliyati band bo'lmagan aholini ishga joylashtirish, kasb-hunar, xorijiy til kurslari, raqamli texnologiyalarga o'qitish, ijtimoiy qo'llab-quvvatlash va himoya qilish, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish bo'yicha o'qitish va tadbirkorlikka jalb qilish, fuqarolarga psixologik va yuridik xizmat ko'rsatishga yo'naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

    Bu yerga kelgan insonlarga, avvalo, bandlik masalalari bo'yicha maslahat xizmati ko'rsatiladi. Doimiy ishga ega bo'lmasa, bo'sh ish o'rinlari taklif etiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj murojaatchilar doimiy kvotali ish bilan ta'minlanishi ham mumkin. Kasbiy malaka talab etiladigan ishni tanlaganlar esa shu yerdagi qisqa muddatli o'quv kurslarga jalb qilinadi. Odatda, kurslar 1 oydan 4 oygacha davom etadi. Har bir kurs uchun belgilangan o'qitish muddatlari va soatlar hajmi tegishli soha mutaxassislari, ish beruvchilar, “World Skills” hamjamiyati standarti, mehnat bozori talab, taklif va ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. O'quv mashg'ulotlari boshqa ta'lim tizimidan farqli o'laroq 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy tarzda olib boriladi. Kurslarning bitiruvchilariga o'rta maxsus diplomi darajasiga tenglashtirilgan davlat namunasidagi sertifikat beriladi. Bugunga qadar mavjud monomarkazlarda jami 1 570 nafar tinglovchi o'qishni tugatgan bo'lsa, yana 2 889 nafari ayni paytda tegishli kasb-hunar bo'yicha tahsil olyapti.

    Kasbiy malakani baholash tizimi

    Monomarkazda xorijiy tillarni o'qitish ham keng yo'lga qo'yilgan bo'lib, ayni paytda ingliz, yapon, xitoy, koreys va rus tillarini o'qitish bo'yicha qisqa muddatli (1-3 oy) kurslar faoliyat yuritmoqda. O'qish yakunida yakuniy malaka imtihonlari o'tkazilib, undan muvaffaqiyatli o'tganlarga davlat namunasidagi sertifikat beriladi. Markaz til o'qitish kurslariga xorijlik mutaxassislarni jalb etish bo'yicha Rossiya davlat xalqlar do'stligi universiteti, YAponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Nankin politexnika instituti bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatgan.

    Hozirgi kunda bilim darajasini belgilab beruvchi hujjatlar orqali ishga qabul qilish tizimi ommalashgan. IELTS, TOEFL, HSK, JLPT kabi tilni o'zlashtirganlik darajasini tasdiqlovchi sertifikatlarni misol qilib keltirish mumkin. Xalqaro mehnat bozorida ham shu kabi mehnatga oid kasb darajasini belgilovchi sertifikatlarga ehtiyoj borligi, ish beruvchi xalqaro miqyosdagi korxona va tashkilotlar tomonidan ushbu hujjatlarning alohida e'tirof etilishi va inobatga olinishi yaqqol ko'zga tashlanmoqda.

    O'zbekiston 2020-yilning 17-yanvarida dunyo bo'ylab ishchi kasblarning maqomi va standartlarini oshirish, xalqaro tanlovlar orqali zamonaviy kasblarni ommalashtirishni maqsad qilgan “World Skills International” xalqaro harakatining 83-a'zosi sifatida qabul qilindi. Shuningdek, Ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi negizida “World Skills Uzbekistan” uyushmasi tashkil etildi. Natijada yurtimizda mazkur xalqaro hamjamiyat tomonidan belgilangan standartlar asosida Prezident qarori bilan 2021-yilning 1-yanvaridan boshlab “Ishga marhamat” monomarkazlarida Kasbiy malakani baholash markazidagi sinov imtihonlari asosida “Skills” pasporti berilishi bosqichma-bosqich yo'lga qo'yilmoqda.

    Mazkur pasport mehnat vazifalari va asosiy ko'nikmalarning batafsil taqsimlanishini ta'minlab, insonning ma'lum qobiliyatlarni qanchalik egallaganini alohida qayd etadi.

    Ahamiyatli jihati, mazkur kasbiy malaka pasporti o'rta maxsus kasb-hunar ta'limi diplomi darajasiga tenglashtiriladi va egallagan bilimlarni mehnat faoliyatida amalga oshirish huquqini beradi. Bunday pasportni mamlakatimizda o'tkaziladigan xalqaro standartlar bo'yicha imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan istalgan kishi olishi mumkin. Ammo shuni unutmaslik kerakki, bu pasport ta'limning keyingi turini davom ettirishga asos bo'la olmaydi.

    Bugungi kunda o'quv mashg'ulotlarini samarali tashkil etish maqsadida monomarkaz tinglovchilarining yoshi, ijtimoiy va jismoniy holatini inobatga olgan holda dars o'tishning turli innovatsion metodikalari yaratilmoqda. Prezidentimizning 2021-yil 26-fevral kuni kengaytirilgan tarzda o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ko'rsatilgan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida dolzarb masalaga aylangan “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar bandligini ta'minlash, ularning jamiyatda o'z o'rnini topishiga ko'maklashishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu kunga qadar monomarkazda 1200 dan ortiq band bo'lmagan aholi, xususan, yoshlar o'quv kurslarini yakunladilar. Ularning 700 dan ortig'ini xotin-qizlar tashkil etib, monomarkaz sertifikatlariga ega bo'ldilar. Bulardan tashqari aytish mumkinki, Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida shahrimiz hamda chekka hududlarda joylashgan 50 ta mahallalardagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan 200 dan ortiq xotin-qizlar “Sartaroshlik san'ati” kasbida o'qitilmoqda. Respublika bo'ylab tashkil etilayotgan “Tadbirkorlik asoslari” o'quv kurslari orqali yoshi va jinsidan qat'iy nazar o'z tadbirkorligini boshlamoqchi bo'lgan aholiga huquqiy bilim va ko'nikmalar berilib, moliyaviy manbalarga yo'naltirilmoqda.

    Ayni kez ana shunday o'quv kurslarini tamomlab, o'z ishini yo'lga qo'yib olgan yuzlab insonlar oilalariga daromad olib kirish barobarida, boshqalarni ham ish bilan ta'minlayotgani ko'zlagan maqsadlarimizga erishayotganimizdan dalolatdir.

    Nodira UMAROVA,

    Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi direktori,

    “Do'stlik” ordeni sohibasi