Taʼkidlanishicha, qoʻmitasi qolipli non narxi boʻyicha tezkor oʻrganish oʻtkazdi. Oʻrganishlarga koʻra, Toshkent shahrida qolibli nonning eng yuqori narxi - 2800 soʻm, Qashqadaryoda viloyatida eng past – 1650 soʻm, respublika boʻyicha oʻrtacha narx esa 2250 soʻm ekani aniqlandi.

Shuningdek, un mahsuloti joriy yil iyun oyidan boshlab birja savdolariga yetarli miqdorda qoʻyilmoqda va bu jarayon ustidan doimiy nazorat oʻrnatilgan. Respublikada un mahsuloti zahirasi shakllantirilgan boʻlib, narx navolarning keskin oshib ketmasligi uchun zarur miqdorda un savdolarga qoʻyib boriladi.

Xususan, joriy yil iyun oyida 170 ming tonna un birjaga qoʻyilishi, bunda har bir non ishlab chiqaruvchi uchun teng sharoit yaratish maqsadida kichik lotlarda (3 tonnadan) qoʻyilmoqda. Joriy yil 1-iyun holatida 50,5 ming tonnadan ortiq un mahsuloti qoldigʻi mavjud boʻlib, avgust oyi uchun ham un ishlab chiqarish uchun korxonalarda zarur don zaxiralari mavjud.

Shu oʻrinda aytib oʻtish lozimki, un mahsuloti realizatsiya qilinishining bozor tamoyillariga asoslangan mexanizmi joriy qilinishi, birinchi navbatda bugʻdoy yetishtiruvchi fermer va dehqonlardan tortib, ishlab chiqaruvchi va isteʼmolchilar manfaatini koʻzlab qilingan qadam boʻlib, ushbu jarayonda shaffof tizim yaratilishi bilan birga, respublikaning eng chekka hududlariga ham mahsulotning yetib borishi nazoratga olingan.

Shuni eʼtiborga olib, non ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar hamda aholidan bu borada havotirga tushmasliklarini, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan asoslanmangan maʼlumotlarga ishonib, sunʼiy ajiotaj vujudga keltirmasliklarini soʻrab qolamiz.

Hurmatli isteʼmolchilar! Bozorda sunʼiy tanqislik yuzaga kelishi va narxlarning keskin oshib ketish holatlarini kuzatganingizda, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining ishonch telefoniga (71-207-47-00), Qoʻmita huzuridagi Isteʼmolchilar huquqini himoya qilish agentligi Call-markaziga (1159 qisqa raqam) yoki Qoʻmitaning axborot xizmatiga (71) 207-47-00 (ichki 224) murojaat qilishingiz mumkin.