“Montaj” filmi Qozogʻistonda sovrindor boʻldi

    “Montaj” qisqa metrajli badiiy filmi Qozogʻistondagi “Bastau” butun dunyo talabalar hamda debyutantlar kinofestivalida “Netpac” sovrinini qoʻlga kiritdi.

    Shuningdek, mazkur film Hong Kongda oliy oʻquv yurtlari oʻrtasidagi “Global University Film Awards 2022” festivali, Avstriya poytaxti Vena shahrida boʻlib oʻtgan “Vienna International Film Awards” kinofestivali, Moskva premyerasi” xalqaro kinofestivali hamda Marokashda oʻtkazilgan VII “Tetauon” xalqaro film maktablari kinofestivalida ham ishtirok etgan va turli yoʻnalishlarda taqdirlangan edi.

    Kinokartina haqida qisqacha: Film oilaning muqaddas ekanligi haqida. Kimki uni qadrlamasa, oxir-oqibat yoʻqotadi. Filmda bir-birini tushuna olmagan va hozir alohida yashayotgan oila aʼzolarining hayoti haqida ham hikoya qilinadi. Oilaning barcha aʼzolari ham mukammal emas.

    Taqdir gʻildiragi ularni turli manzillarga sochib yuborgan boʻlsa-da, ular oilaviy uchrashuvni kutishadi va xohlashadi. Filmda fotograf Islomning buzilgan oilani tiklashga urinishi aks etgan. Islom hayotdan haqiqiy sanʼat asarini izlaydi - binolardan, tabiatdan va turli narsalardan. Lekin uni topa olmaydi va u har bir qarindoshining oldiga borib, ularni suratga oladi. Shundan soʻng, u dunyodagi eng goʻzal sanʼat bu oila ekanligini tushunadi.

    Film ssenariy muallifi Husnullo Jomonqulov, postanovkachi rejissyor Dilshodbek Usmonov, postanovkachi operator Kamoliddin Ziyovuddinov, postanovkachi rassom Rustam Shoyanov, kartina direktori Ilhom Absalomov, badiiy rahbar Toʻychi Ahmedov.