Qashqadaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari tomonidan joriy yilning 15-mart kuni tungi soat – 23-00 lar atrofida Qarshi shahar Alisher Navoiy istirohat bogʻi ichidagi “Nuroniylar maskani”da Qarshi shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish boshqarmasi bir guruh xodimlari ushbu hududdagi koʻp yillik har xil turdagi va diametrdagi daraxtlarni motoarra yordamida kesib, Obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli boʻlgan TTZ-80 rusumli davlat raqami 727 GA 70 traktorining 700 DA 70 va 701 DA 70 tirkamalariga kesilgan daraxtlar tanalarini ortayotganligi aniqlangan. Holat yuzasidan huquqbuzarlarga tushuntirish ishlari olib borildi va qonuniy toʻxtamga kelgunga qadar motoarralar olib qoʻyildi.

Afsuski tushuntirish ishlari taʼsir qilmagan huquqbuzarlar tomonidan  joriy yilning 22-mart kuni tungi soat – 00-10 lar atrofida yuqorida koʻrsatib oʻtilgan Qarshi shahar Alisher Navoiy istirohat bogʻi ichidagi “Nuroniylar maskani”da Qarshi shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish boshqarmasi bir guruh xodimlari va oʻzini Qarshi shahar hokimi oʻrinbosarining nazorati ostida bir dona motoarra yordamida ushbu hududdagi qolgan koʻp yillik har xil turdagi va diametrdagi daraxtlarni motoarra yordamida kesib tanalarini boʻlaklayotganligi maʼlum boʻlgan.

Inspektorlar tomonidan yuqorida keltirilgan ikkala holat atroflicha oʻrganilib, moratoriy davrida ham saqlab qolishni imkoni boʻlmagan 14 dona koʻp yillik daraxtlar diametrlari oʻlchanganda tabiatga oʻsimlik dunyosiga keltirilgan zarar 58 mln 677 ming 500 soʻm ekanligi aniqlandi.

Mazkur aniqlangan holatlar boʻyicha vakolat doirasida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

Qashqadaryo viloyat ekologiya boshqarmasi

axborot xizmati