Morxoʻr “fotoqopqon”ga tushdi

    Morxoʻr butunlay yoʻq boʻlib ketish arafasida turgan kenja tur hisoblanadi.

    Surxon davlat qoʻriqxonasida oʻrnatilgan “fotoqopqon” bir nechta yovvoyi hayvonlarni kamera obyektiga muhrladi. Ushbu suratlarda morxoʻr, jayra, toʻngʻiz, boʻri kabi hayvonlarni koʻrishimiz mumkin.

    Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, “fotoqopqon”ga tushgan hayvonlarning ichida morxoʻr eng antiqasi hisoblanadi. Morxoʻr butunlay yoʻq boʻlib ketish arafasida turgan kenja tur hisoblanadi. Shuning uchun ham u “Qizil kitob”ga kiritilgan. Morxoʻr Koʻhitang, Boysuntogʻ, Bobotogʻ togʻ tizmalarida tarqalgan. 1950–1970-yillarda keskin kamayib ketgan. Keyinchalik Surxon qoʻriqxonasida olib borilgan muhofaza choralari tufayli ushbu turning soni asta-sekin barqarorlashgan. Biroq, boshqa hududlarda qisqarishda davom etmoqda. Oʻzbekistonda taxminan 400–450 bosh morxoʻr mavjud, deb taxmin qilinadi.