Moskva hukumati vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 27 Aprel 2022 1230

    2022-yil 26-aprelda Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi Sharof Rahmonov Moskva shahri Tashqi iqtisodiy va xalqaro aloqalar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Aleksey Bondaruk boshchiligidagi Moskva hukumati delegatsiyasi bilan uchrashdi.

    Taʼkidlanishicha, koronavirus pandemiyasi tufayli Toshkent va Moskva oʻrtasida 2018-yilda imzolangan avvalgi kelishuv faqat qisman amalga oshirilgan. Tomonlar poytaxtlar oʻrtasida yangi, keng koʻlamli kelishuvni tayyorlash niyatida ekanliklarini bildirdilar.

    Madaniyat festivallari, Moskvadagi Toshkent kunlari va Toshkentdagi Moskva kunlaridan tashqari kelishuvda quyidagi jihatlar ham oʻz aksini topadi:

    • Shifokorlar, jumladan, neyroxirurgiya yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislarning malakasini oshirish uchun oʻquv seminarlari va boshqa tadbirlar.

    • Shahar boshqaruvi mutaxassislari darajasida oʻzaro hamkorlik, poytaxtlarning Vaziyatlar markazlaridagi tajriba va ilgʻor ishlanmalar bilan almashish.

    • Shahar transportini boshqarish boʻyicha tajriba almashish: avtoturargohlarni tashkil etish, tahlil va rejalashtirish, elektrobuslardan foydalanish.

    • Madaniy-tarixiy merosni asrab-avaylash boʻyicha tajriba almashish.

    • Qoʻshma koʻrgazmalar oʻtkazish, jumladan, XXYUK Oʻzbekiston pavilyonidan umumiy tadbirlar uchun maydon sifatida foydalanish.

    • Moskva shahrining Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Universitetlararo forumdagi ishtiroki, Toshkent oʻquvchilarining Moskva olimpiadalarida qatnashishi.

    Boʻlajak kelishuvni tadbirlarga boyitish maqsadida muzokaralarni davom ettirishga qaror qilindi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.