Moskva metrosi oʻzbek yoki tojik tillarini biladigan kassir vakansiyasini eʼlon qildi

    Dolzarb 20 Oktabr 2021 1005

    Moskva metropoliteni oʻzbek yoki tojik tillarini biladigan kassir izlayapti. Bu haqda eʼlonlar 19-oktyabrda HeadHunter ish qidiruvchilar saytida chop etilgan.

    Undan tashqari nomzod oʻrta maʼlumotga ega boʻlishi, shuningdek pul bilan ishlash tajribasiga ham ega boʻlishi kerak. Kassirning vazifasiga transportda yurish chiptalarini, transport kartalarini va boshqa transportda yurish chiptalarining oʻrnini bosuvchi vositalarni rasmiylashtirish va sotish, avtomatlarga xizmat koʻrsatish va yoʻlovchilarga maslahatlar berish kiradi, deb xabar beradi “Gazeta.ru”.

    Kassir lavozimiga daʼvogarga 39 ming rubldan boshlab ish haqi, hamda poytaxt metrosida va shahar atrofidagi temir yoʻl transportida oʻz yashash joyidan ish joyiga va ortga bepul yurish taklif etiladi.

    Ishning afzalliklari qatorida yil davomida bajarilgan ishining yakuni boʻyicha mukofot, stajiga qarab qoʻshimcha toʻlov, metropoliten hisobidan kasbiy taʼlim olish, metropoliten sogʻlomlashtirish majmuasida imtiyozli dam olish, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi va bolalar klubi koʻrsatilgan.

    Avvalroq kuryerlarning ish haqi ularning kamyob ekanligi tufayli 200 ming rublgacha ekanligi maʼlum qilingandi. Piyoda kuryerlarning ish haqi oyiga 100 ming rublni, ularning avtomobilda xizmat koʻrsatuvchi hamkasblarining ish haqi esa 200 ming rublni tashkil etadi.