Tadbirda ekspert, akademik va ilmiy doiralar hamda Rossiya ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Konstitutsiya har bir davlatning suvereniteti, uning davlatchiligi rivoji, fuqarolarning turmush tarzi, jamiyatdagi oʻrnini belgilab berishi hamda mustaqil, erkin, tinch va farovon hayotning kafolati, huquqiy demokratik davlat barpo etishning mustahkam poydevori boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.
Ishtirokchilarga Oʻzbekiston ilk bor ijtimoiy, dunyoviy, huquqiy davlat, inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat deb belgilangan Konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgartishlar haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, mamlakatimiz xalqi manfaatlaridan kelib chiqqan holda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-maʼrifiy hayotning turli jabhalarida amalga oshirilayotgan oʻzgarish va yangiliklar xususida aytib oʻtildi.
Soʻzga chiqqanlar yangilangan Konstitutsiyaning asosiy huquqiy normalari inson huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish, uning ijtimoiy himoyasi va iqtisodiy farovonligini taʼminlash kafolatlarini mustahkamlaganini taʼkidladilar.
Rossiya ekspert va ilmiy doiralari vakillari, shuningdek, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati, ayniqsa, qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik, oʻzaro yordam, tinchlik va totuvlik asosida doʻstona munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak baholadi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.