Moskva va Nijniy Novgorod shaharlari bilan yangi turizm yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyiladi

    Turizm 27 Aprel 2023 1070

    Madaniyat va turizm vazirligida “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat forumi doirasida Rosssiyaning Moskva va Nijniy Novgorod turizm boshqarmalari hamda transport vositalarini ishlab chiqaruvchi “Zamonaviy transport texnologiyalari” kompaniyasi bilan hamkorlik masalalari muhokama etildi.

    Uchrashuv davomida, ikki mamlakat oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish yuzasidan fikrlar almashildi.

    Ikki tomonlama hamkorlikdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonning gastronomik turizm salohiyatini “Zamonaviy transport texnologiyalari” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan turizm yoʻnalishidagi avtomobillarda “Gastronomik Karavan” dasturi asosida Rossiya hududlari boʻylab keng targʻib qilish imkoniyatlarini yoʻlga qoʻyish.

    Shuningdek, Moskva hamda Nijniy Novgorod shaharlari bilan qoʻshma turistik dasturlar ishlab chiqish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi.

    Muzokaralar yakuniga koʻra, “Zamonaviy transport texnologiyalari” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan turistik sinfga mansub avtotransport vositalarini mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlariga qulay shartlar asosida yetkazib berilishi yuzasidan birlamchi kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun, joriy yil 24-26-aprel kunlari Toshkent shahrida “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat forumi boʻlib oʻtdi. Uchinchi marotaba tashkil etilgan tadbirda MDH davlatlari, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Hindiston, Singapur, Xitoy, Yaponiya, Armaniston, Qozogʻiston, Turkiya va Turkmanistondan 5 mingdan ortiq delegatlar, shuningdek, 300 dan ortiq xorijiy kompaniyalar, biznes vakillari va hukumat amaldorlari ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtgan.