Moskvada MDH Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi

    Joriy yil 12-dekabr kuni Moskva shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Majlisda Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri A.Asadov, Belarus Respublikasi Bosh vaziri R.Golovchenko, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri O.Bektenov, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi M.Mishustin, Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi A.Japarov, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Q.Rasulzoda, Armaniston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.Grigoryan, Turkmanistonning MDH tuzilmalaridagi doimiy vakili N.Shakuliyev, MDH bosh kotibi S.Lebedev ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov oʻz nutqida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning MDHdagi hamkorlar bilan savdo aloqalarini yanada erkinlashtirish va hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratishini taʼkidladi.

    Shu maʼnoda, Hamdoʻstlik hududidagi erkin savdo zonasining istisno va cheklovlarsiz toʻgʻri hamda samarali faoliyat yuritishini taʼminlash boʻyicha hamkorlikdagi ishlarni faollashtirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

    Ayrim xomashyo va oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan qoʻllaniladigan tarif hamda notarif choralarni bekor qilish taklif qilindi.

    Xalqaro transport yoʻnalishlarini rivojlantirishga yangi surʼat bagʻishlash, “Shimol-Janub” va “Sharq-Gʻarb” transport-logistika loyihalarini izchil amalga oshirish boʻyicha hamkorlikdagi ishlarni kuchaytirish muhim ahamiyatga egaligi bildirildi.

    2024-yilda MDHning Madaniy poytaxti Samarqand va yoshlar poytaxti Toshkent shaharlari tadbirlari muvaffaqiyatli amalga oshirilishida yaqindan qoʻllab-quvvatlagani hamda faol ishtirok etgani uchun hamkorlarga samimiy minnatdorlik bildirildi.

    Shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, taʼlim yoʻnalishlarida hamkorlikni yanada rivojlantirish, shu jumladan, kelgusi yilda fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 80-yilligini munosib nishonlash yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

    Majlis soʻngida 18 ta hujjat qabul qilindi, jumladan:

    • transport kompleksini raqamlashtirish sohasida hamkorlik memorandumi;
    • gumanitar hamkorlik sohasida 2025-2026-yillar uchun ustuvor tadbirlar rejasi;
    • yer osti suvlarini oʻrganish, undan foydalanish, muhofaza va monitoring qilish sohalarida 2030-yilga qadar hamkorlikni rivojlantirish dasturi hamda uni amalga oshirish rejasi;
    • 2025-yilga tashkilotning yagona byudjeti va moliyalashtirish masalalari boʻyicha alohida qaror va boshqalar.

    Rossiyaga tashrif doirasida MDH davlatlari hukumat rahbarlari Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetining rekonstruksiya qilingan kampusini koʻzdan kechirdi va universitetdagi soʻnggi ishlanmalar bilan tanishdi.