Moskvada Oʻzbek tili va madaniyati markazi ochiladi

    Ta'lim 14 Aprel 2022 2651

    2022-yil 21-aprelda Moskva davlat lingvistik universitetida Oʻzbek tili va madaniyati markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtadi.

    Bu toʻgʻrida Moskva davlat lingvistik universiteti (MGLU) va Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti (OʻzDJTU) oʻrtasida 2010-yil may oyida bitim imzolangan edi. Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy-siyosiy fanlar instituti va Moskva davlat lingvistik universitetining siyosatshunos-talabalari oʻzbek tilini ikkinchi chet tili sifatida oʻrganishni boshlagan. Bugungi kunda oʻzbek tilini “Zarubejnoye regionovedeniye” (“Xorijiy hududshunoslik”) yoʻnalishida tayyorgarlik oʻtayotgan talabalar oʻrganyapti.

    Talabalar oʻzbek xalqining tarixi, urf-odatlari bilan bogʻliq barcha bilimlarni katta qiziqish bilan oʻrganyapti. Ular koʻpgina madaniy-maʼrifiy tadbirlarda ishtirok etib kelyapti.

    Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlikda 2012-yilda “Uzbekskiy yazыk dlya stran SNG” (“MDH mamlakatlari uchun oʻzbek tili”) oʻquv qoʻllanmasi nashr etilgan edi. Shu bilan birga MGLUda oʻzbek tili darsini oʻtish haqida taqdimot materiallari (bukletlar, videoroliklar, stendlar) tayyorlangan.

    2021-yil bahorida OʻzDJTUning besh nafar doktoranti MGLUda ilmiy stajirovka oʻtish haqida sertifikat oldi. “Vestnik MGLU” (“MGLU xabarnomasi”)da OʻzDJTU oʻqituvchilarining maqolalari chop etiladi.

    MGLU Oʻzbekistonning toʻrtta universiteti bilan samarali hamkorlik qilib keladi. Ular:

    Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti;

    Qarshi davlat universiteti;

    Samarqand davlat chet tillari universiteti;

    Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti.

    Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va Qarshi davlat universiteti bilan lingvistika boʻyicha ikkita diplom berish sharti asosida qoʻshma taʼlim dasturlari amalga oshirib kelinyapti.

    Oʻzbekiston OTM oʻqituvchilari MGLU tomonidan Hamdoʻstlik mamlakatlari maydonlarida oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy konferensiyalarda va forumlarda faol ishtirok etib kelyapti, deb xabar beradi MDH Ijroiya qoʻmitasi matbuot xizmati.