Moskvada Rossiya-Oʻzbekiston Ishbilarmonlar kengashining yigʻilishi oʻtkazildi

    Biznes 16 Mart 2022 1059

    Kecha Rossiya Savdo-sanoat palatasi binosida Rossiya-Oʻzbekiston Ishbilarmonlar kengashining kengaytirilgan yigʻilishi gibrid formatda boʻlib oʻtdi.

    Palata prezidenti Sergey Katirin raisligida oʻtkazilgan mazkur yigʻilishda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov, Oʻzbekiston elchisi Botirjon Asadov, Federal ijro hokimiyati organlari, shuningdek, rus biznesi vakillari ishtirok etdi.

    Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston elchisi faol oʻsib borayotgan oʻzaro tovar ayirboshlash yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar yetkazib berilishi bilan ajralib turishini taʼkidladi. Shu oʻrinda Oʻzbekiston-Rossiya Hukumatlararo komissiyasi va Ishbilarmonlar kengashining samarali faoliyati alohida qayd etildi. Mintaqalararo hamkorlik faol rivojlanmoqda, bu hamkorlik tegishli Hukumatlararo bitim bilan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Loyiha ofisi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash va muvofiqlashtirish boʻyicha faol ish olib bormoqda.

    Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov tadbirda soʻzga chiqib, Oʻzbekistonning mavqei Rossiya uchun ishonchli iqtisodiy hamkorlardan ham yuqori ekanligini taʼkidladi. “Bizni uzoq yillik doʻstona aloqalar va oʻzaro hurmat birlashtiradi. Bunday munosabat oʻzaro munosabatlarimizni doimo mustahkamlab kelgan”, dedi Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri.

    Maksim Reshetnikov “ER-Telekom Xolding” AJ prezidenti Andrey Kuzyayevni Rossiya tomonidan Ishbilarmonlar kengashining yangi hamraisi sifatida tanishtirdi.

    Uchrashuvda, shuningdek, Ishbilarmonlar kengashini yanada rivojlantirish, Rossiya-Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.