Moskvada sumalak kechasi boʻlib oʻtdi

    Madaniyat 5 May 2022 1890

    Oʻzbek milliy taomlari, xalqimiz madaniyati, urf-odatlari va anʼanalarini targʻib-tashviq etish maqsadida mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasida xorijiy davlatlar diplomatiya vakolatxonalari rahbarlarining turmush oʻrtoqlari ishtirokidagi qabul marosimi oʻtkazildi. Unda bahoriy milliy taom — sumalak tayyorlash jarayoni namoyish etildi.

    Sumalak kechasida Moskva Xalqaro ayollar klubi aʼzolari, jumladan, Belarus, Belgiya, Braziliya, Bruney, Daniya, Italiya, Lyuksemburg, Rossiya, Slovakiya, Tailand, Turkmaniston, Turkiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya vakillari, shuningdek, Yevropa Kengashining Dasturlar vakolatxonasi vakillari ishtirok etdi.

    Kecha mehmonlari madaniy guruhlar tomonidan tayyorlangan oʻzbek xalq milliy raqslari, musiqa va qoʻshiqlaridan iborat konsert dasturi namoyishidan bahramand boʻldi.

    Shuningdek, mehmonlar sumalakni tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldi. Shu bilan birga, oʻzbekistonlik oshpaz shohona milliy taomimiz — palov tayyorlash sirlari haqida ham batafsil maʼlumotlar berdi.

    Kechada milliy liboslar, matolar hamda oʻzbek ipagi mahsulotlari koʻrgazmasi ham namoyish etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.