Moskvada tugʻilgan oʻzbekistonlik 18 yildan soʻng “metrika” oldi

    Ijtimoiy hayot 24 May 2022 1417

    Joylarda adliya organlariga nisbatan fuqarolarning ishonchi tobora ortib boryapti.

    “...Ular mulohaza va bosiqlik, ortiqcha vahimalarsiz muammomni hal qildi”, — deydi bu haqda xorijdan bolaligida hujjatsiz qaytgan yurtdoshimiz.

    Fargʻona viloyati Bagʻdod tumanida istiqomat qiluvchi Sayfullo Ubaydulayev Oʻzbekiston Xalqaro Islom akademiyasini tamomlagan. Vazirlar Mahkamasining maxsus qaroriga asosan, akademiya bitiruvchisiga, oylik maoshiga qoʻshimcha tarzda oʻzi ishlayotgan joyidan 20 foizli ustama toʻlanishi kerak.

    Biroq bir necha yillar davomida Sayfullo bu qoʻshimcha imkoniyatidan foydalana olmadi. Imtiyozli ustamani qonuniy tartibda toʻlab berilishini taʼminlash uchun uning bormagan joyi, qoqmagan eshigi qolmadi. Vohalik kursdoshining maslahati bilan u tuman adliya boʻlimiga murojaat qildi. Uning masalasi Bagʻdod tuman adliya boʻlimi xodimlari tomonidan ijobiy hal etildi.

    — Bormagan idoram qolmadi, — deydi Sayfullo Ubaydullayev. — Vazirlar mahkamasining maxsus qarori bilan biz kabi kasb egalariga berilgan imkoniyat va imtiyozdan toʻliq foydalana olishimiz juda zarur deb hisoblayman. Shuning uchun ham “adliyachi”larga oʻz dardimizni aytdik va ular buzilgan huquqlarimizni tiklab berdi.

    Dangʻara tumanida istiqomat qiluvchi Ruqiya Aliyeva ota-onasining vaqtincha xorijda yashaganligi bois Moskva shahrida tugʻilgan. Biroq oilasi Oʻzbekistonga qaytgach, uning hujjatlarida ayrim xatoliklar borligi aniqlandi. Shu sababdan u 18 yil davomida tugʻilganlik haqidagi guvohnoma ololmadi. Tuman adliya hamda FHDYO boʻlimlari xodimlarining saʼy harakatlari bilan uning ushbu muammosi tez va oson ijobiy hal etildi. Sud tartibida ish koʻrib chiqilib Ruqiyaga yangi tugʻilganlik haqidagi guvohnoma tantanali topshirildi.

    — Xorijdan qaytgach, ota-onamning aytishicha, bir parcha maʼlumotnoma bilan maktabga qabul qilishgan, — deydi Ruqiyabibi Aliyeva. — Oʻz vaqtida hal etilmagan muammo, kun kelib, menga katta muammolarni olib kela boshladi. Masalan, oʻqishga topshirish uchun pasport shart boʻladi. Ololmadim. Butun maktab yillari davomida hujjatim yoʻqligi sabab ommaviy tadbirlarga qatnasha olmadim, uzoq safarlarga borolmadim. Xullas, shu muammolardan batamom qutilish uchun adliya boʻlimiga murojaat qildim. Eʼtiborimni tortgan jihat — ular mulohaza va bosiqlik, ortiqcha vahimalarsiz muammomni qonun doirasida hal qildi. Bugun tantanali tarzda oʻz hujjatimni oldim.

    Joylarda adliya organlariga nisbatan fuqarolarning ishonchi ortib boryapti. 3 oy davomida birgina Dangʻara tumani adliya organlariga aholidan 200 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan boʻlsa, Bagʻdod tumanida ushbu koʻrsatkich 395 tani tashkil qiladi. Joriy vaqt mobaynida ushbu arizalarning deyarli 90 foizga yaqini murojaatchilarning foydasiga ijobiy qanoatlantirilgan.

    Elyorjon Eksanov,

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi

    jamoatchilik bilan aloqalar

    boʻyicha yetakchi maslahatchisi.