Moskvada turizmni rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi yuqori baholandi

    Moskvadagi Rossiya sayyohlik forumi doirasida turizm sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhokama etildi.

    “Bugun Oʻzbekiston oʻz mamlakatini tashqi bozorlarda ilgari surish boʻyicha juda muvaffaqiyatli dasturni amalga oshirib kelyapti.

    Biz ushbu tajribani juda sinchkovlik bilan oʻrganyapmiz va hamkasblarimizni erishilgan ijobiy natijalar bilan tabriklamoqchimiz”, — deb taʼkidladi forum doirasida Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov.

    Bundan tashqari, u Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish boʻyicha jiddiy ishlar olib borilayotganini aytib oʻtdi. “Ishonchim komilki, hozirda ikki tomonlama sayyohlar oqimi bir million ikki yuz mingdan ortiq, biz undan oshib ketishimiz mumkin”.

    Tadbir davomida Turizm qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Jamshid Abdusalomov Oʻzbekistonda turizm sohasini rivojlantirish borasidagi tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

    U Oʻzbekistonda turizm sohasi milliy iqtisodiyotning strategik tarmogʻi sifatida belgilangani va ushbu sohani mamlakat barqaror rivojlanishining drayveriga aylantirish boʻyicha misli koʻrilmagan chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidladi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Tadbirni Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining oʻrinbosari Dmitriy Chernishenko olib bordi.