Moskvadagi qurilish maydonida migrantlar oʻrtasida mushtlashuv sodir boʻldi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasidagi mehnat migrantlari oʻrtasida ommaviy mushtlashuv yuz bergani, unda Oʻzbekiston fuqarolari boʻlgani haqida xabarlar tarqaldi.

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tarqalgan videoga izoh berishicha, Moskva shahri Tagilsk koʻchasida joylashgan qurilish maydonida yuz bergan mushtlashuvda Oʻzbekiston fuqarolari ishtirok etgan.

    Qurilish materiallari notoʻgʻri taqsimoti sababli “Everest” korxonasi ishchilari oʻrtasida oʻzaro kelishmovchilik oqibatida yuz bergan mushtlashuv ishtirokchilarining ichki ishlar boʻlimiga olib ketilganlardan 10 nafari Oʻzbekiston va 13 nafari Tojikiston fuqarolari hisoblanadi.

    Ushbu hodisa natijasida hech kim ogʻir tan jarohati olmagan va tibbiy yordamga murojaat qilmagan.

    Qoʻlga olinganlarga bayonnoma rasmiylashtirilib, maʼmuriy jarimalar tayinlangan.

    Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimizdan mahalliy qonun-qoidalarga rioya qilishi hamda boshqa davlat fuqarolari bilan oʻzaro hurmatda boʻlishi soʻraladi.