Moʻynoq tumani isteʼmolchilari elektr energiyasi bilan toʻliq taʼminlanadi

    Energetika 17 Sentabr 2020 1201

    Energetika vazirligi maxsus shtabi aholi va byudjet tashkilotlarini kuz-qish mavsumida elektr energiyasi bilan taʼminlash borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumaniga bordi.

    Ayni kunga qadar Moʻynoq tumanidagi isteʼmolchilarni kuz-qish mavsumida barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida uzunligi 40 kilometr boʻlgan elektr uzatish tarmoqlari va 20 ta transformator punkti kapital taʼmirlandi. Shuningdek, umumiy uzunligi 38 kilometr boʻlgan elektr uzatish tarmoqlari va 6 ta transformator punkti rekonstruksiya qilindi. Bundan tashqari 143 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 56 dona transformator punkti joriy taʼmirlandi.

    Maʼlumot uchun: Qoraqalpogʻiston Respublikasi isteʼmolchilariga 2020-2021-yil kuz-qish mavsumida jami 733,4 million kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berish rejalashtirilgan. Bu oʻtgan mavsumga nisbatan 67,1 million kVt/soatga yoki 10,1 foizga koʻpni tashkil qiladi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi isteʼmolchilarini elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun uzunligi 20,4 ming kilometr boʻlgan elektr uzatish tarmoqlari va 4 976 ta transformator punktlaridan foydalaniladi.

    Joriy yil 1-oktyabrga qadar 1552,1 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 443 ta transformator punktlari mukammal taʼmirlanadi. Bugungi kunga qadar jami 52 ta transformator punkti, 60 tonna transformator moyi va 49,2 kilometr kabel mahsulotlarining zaxirasi yaratilgan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.