Mo‘ynoqda «Stixiya» elektron musiqa festivali o‘tkazildi

    Madaniyat 17 May 2021 1815

    Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq shahrida 14-15-may kunlari navbatdagi «Stixiya» elektron musiqa, san’at va ilm - fan festivali bo‘lib o‘tmoqda.

    Festivalda jahonga mashhur musiqiy prodyuser Nina Kraviz hamda Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Qirg‘izistondan kelgan musiqiy prodyuserlar, musiqachilar va di-jeylar ishtirok etdi. Forumda shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya olimlari, ekologlari va mutaxassislari ham qatnashdi.

    Festival doirasida «6 milliard daraxt» ijtimoiy aksiyasi o‘tkazilib, uning davomida Mo‘ynoq shahrida 5 mingdan ortiq daraxt o‘tkazildi. Ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash uchun qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lgan buta va mevali daraxtlarni Mo‘ynoq shahri hamda Orol dengizining pastki qismida bosqichma-bosqich ekishga yo‘naltirishdan iboratdir.

    «6 milliard daraxt» loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi hamda «Akustika fakulteti» MChJ tashabbusi bilan Rossiyaning «Rosatom» korporatsiyasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Loyihani homiylik mablag‘lari va respublika ko‘ngillilari ishtirokida doimiy ravishda amalga oshirish rejalashtirilgan.

    «Stixiya» elektron musiqa, san’at va fan festivali g‘oyasi 2017-yilda O‘zbekistondagi ixlosmandlar tomonidan ilgari surilgan va Orolbo‘yini rivojlantirishga qaratilgan loyihadir, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.