Tantanali ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi o'rinbosari Jamshid Babajonov, Mo'ynoq tuman hokimi Baxtiyor Menglibekov va hudud faollari ishtirok etdi.

Tashkilotchilar tomonidan yangi kutubxona uchun ming donadan ortiq, “Book cafe” kutubxonasi uchun 980 dan ziyod turli adabiyotlar va o'quv qo'llanmalari  topshirildi.  Bundan tashqari, tumandagi  18 ta  maktabga 10 mingdan  ortiq  kitoblar  tortiq  etildi.

Marosimda so'z olganlar yoshlarning bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash va ma'naviy dunyoqarashini oshirish yo'lidagi sa'y-harakatlar kutilganidek samara berishini alohida ta'kidladi.

Aytish joizki, Toshkent viloyatining 12 ta tuman va shaharlar hokimlari har bir mahallaga biriktirilib, mavjud holat, aholining turmush tarzi, ehtiyoji va sharoiti o'rganib chiqilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, Toshkent viloyatining mahalliy byudjet mablag'i hisobidan jami 32 milliard so'm miqdorida mablag' ajratish belgilab olingan.

Ushbu mablag'lar asosan sharoiti og'ir mahallalardagi 2 ta maktab, 2 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti, 8 ta sport maydoni, 1 ta oilaviy poliklinika, 2 ta mahalla idorasi, 3 ta xammom, 2 ta sartaroshxona, 2 ta kutubxonani yangidan qurish, ijtimoiy soha ob'yektlarini ta'mirlash, jihozlar bilan to'liq ta'minlash, yangi ichimlik suv tozalagich filtrlarini o'rnatishga sarflanadi.

Bundan tashqari, Toshkent davlat o'rmon xo'jaligi tomonidan Mo'ynoq tumaniga jami 6 ming 500 dona daraxt ko'chatlari olib kelingan. Hozirgi vaqtda Do'stlik MFYda joylashgan istirohat bog'iga 1 ming 250 dona ko'chatlar ekildi. Qolgan daraxt ko'chatlari har bir MFY va ovullarga tarqatib berildi va ekish jarayonlari olib borilmoqda.

Shuningdek, “Bozatao'” ovul fuqarolar yig'inidagi 4 ta oilaga televizor va mikroto'lqinli pech, 2 ta oilaga dori-darmonlar uchun 3 million so'm hamda 1 xonadonni ta'mirlash uchun 15 million so'mlik yordam ko'rsatildi.

“Hakim-ata” OFY hududidagi 15 nafar fuqaro Toshkent viloyatidagi sanatoriyaga yuborildi.

Umuman olganda, Muynoq tumanida umumiy qiymati 393,9 milliard so'm bo'lgan 23 ta loyihani amalga oshirish natijasida 983 ta yangi ish o'rinlarini tashkil etish belgilangan.

Shuningdek, ertaga Sulaymon Boqirg'oniy ziyoratgohida tashkil etilgan kutubxona uchun 500 ga yaqin kitoblar topshiriladi.

Toshkent viloyati hokimligi

Axborot xizmati