Shu sababli 2022-yil 17-mayda imzolangan “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmonida boshqa hududlardan Taxtako‘pir, Chimboy, Qorao‘zak, Bo‘zatov, Shumanay, Qo‘ng‘irot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning har oylik lavozim maoshiga 100 foiz, Mo‘ynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lovlari to‘lab berish belgilangan.
— Mo‘ynoqda 6 ta davolash-profiliktika muassasasi va 2 ta mahalla tibbiyot punkti faoliyat ko‘rsatadi, — deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jamila Davletova. — Ularda ishlaydigan soha xodimlari soni 511 nafar bo‘lib, 59 nafari shifokorlardir. Ana shu mutaxassislar orasida Prezident farmoni asosida boshqa hududlardan kelib ishlayotgan vrachlar 12 nafarni tashkil qilmoqda.
Mo‘ynoqda respublikaga qo‘shni Xorazm viloyatidan tortib, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Andijon viloyatlaridan kelib ishlayotgan shifokorlar ham bor.
— Bu yerga kelganimga 3 oydan oshdi, — deydi xorazmlik Zulhumor Rahimova. — Tuman tez tibbiy yordam bo‘limi qabulxonasida terapevt-vrach sifatida ishlayapman. Bir kunda o‘rtacha 15-20 nafar bemor murojaat qiladi. Ularning ko‘pchiligi yuqori qon bosimi, oshqozon-ichak va buyrak xastaliklari bilan murojaat qiladi. Bemorlarni belgilangan standartlar asosida sog‘lomlashtirish choralarini ko‘ryapmiz.
Boshqa hududdan kelib ishlayotganlar orasida pediatr, anesteziolog-reanimatolog, otolaringolog, xirurg, urolog va terapevt kabi mutaxassisliklarga ega shifokorlar bo‘lib, ular mo‘ynoqliklarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda mahalliy shifokorlarga ko‘mak bermoqda.