“Moʻynoqqa madad” ekologik velomarafon Navoiydan yoʻl oldi

    Mamlakatimizda 30 May 2021 1373

    “Moʻynoqqa madad” ekologik velomarafon ishtirokchilarini Navoiy viloyati tantanali kutib oldi.

    Erta tongdan Navoiy shahri Farhod madaniyat saroyidan “Moʻynoqqa madad” ekologik velomarafoni start oldi.

    Unda Navoiy viloyati hokimi, tashkilot va muassasa rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, viloyat aholisi bevosita tadbirning ishtirokchisi boʻldilar.

    Navoiy shahridan Moʻynoq tomon yoʻlga chiqqan “Moʻynoqqa madad” ekologik velomarafoni ishtirokchilari shu kunning oʻzida viloyatning Qiziltepa tumani hududidan Buxoro viloyati tomon yoʻl oldi.

    Mehmonlar tuman markazida boʻlib, Madaniyat va istirohat bogʻida madaniy hordiq chiqardi.

    Tadbirda Qiziltepa tumani hokimi Sh. Nabiyev ham ishtirok etib, velomarafon ishtirokchilariga omad tiladi.

    Taʼkidlash kerakki, “Moʻynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafonining Navoiy viloyati bosqichi starti oldidan viloyat hokimi Qobul Tursunov xayriya velomarafoniga 100 million soʻmlik sertifikatni tantanali ravishda topshirdi hamda velosipedda oʻzi velomarafonga bosh boʻldi, deb xabar beradi Navoiy viloyat hokimligi matbuot xizmati.