Mozori Sharifda Oʻzbekiston – Afgʻoniston ishchi komissiyasining toʻrtinchi majlisi boʻlib oʻtmoqda

    Xalqaro hamkorlik 14 Dekabr 2023 742

    Majlisda Amudaryo boʻyiga tutash hududlarda “Yashil belbogʻ” himoya oʻrmonzorlari barpo qilish masalalari muhokama qilinmoqda.

    Avval xabar berganimizdek, Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov boshchiligidagi delegatsiyasi ikki davlat oʻrtasida chegaraoldi savdo-iqtisodiy hamkorlik Qoʻshma komissiyasining toʻrtinchi yigʻilishida ishtirok etish uchun Afgʻonistonning Balx viloyatiga joʻnab ketgandi.

    Delegatsiyani Hayraton shahrida Balx viloyati gubernatorining oʻrinbosari Abu Idris hamda boshqa rasmiylar kutib oldi.

    Ayni vaqtda Balx viloyati gubernatori qarorgohida ikki davlat oʻrtasida chegaraoldi savdo-iqtisodiy hamkorlik Qoʻshma komissiyasining toʻrtinchi yigʻilishi doirasida viloyat rahbari Ulugʻbek Qosimov va Balx viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Vafo boshchiligidagi ikki tomon delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi rasmiy muzokaralari boʻlib oʻtmoqda.

    Unda savdo, transport, temir yoʻl va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, geologiya yoʻnalishida kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish, tabiiy pardozbop toshlar xomashyosini hamkorlikda qayta ishlash, qumli chang shamollarining salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida Amudaryo boʻyiga tutash hududlarda “Yashil belbogʻ” himoya oʻrmonzorlari barpo qilish masalalari muhokama qilinmoqda.

    Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev ham ishtirok etmoqda.