MTV axborot xizmati jurnalist va blogerlarni sohaga oid voqeliklarni yoritishda xolis bo'lishga chaqirdi

    AOKAda o'tkazilgan brifingda Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo'jaeva ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan MTMlarda bolalar salomatligi yuzasidan sodir bo'layotgan muammolar haqida bayonot berdi.

    Joriy yilning avgust – sentyabr oylari davomida Respublikamizning turli viloyatlaridagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalarning ich ketishi, koʻngil aynishi kabi holatlar bilan shifoxonaga yotqizilganligi kuzatildi. Jumladan, Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi 39-sonli DMTTdan 8 nafar, Margʻilon tumani 16-sonli DMTTdan 8 nafar, Margʻilon shahar 24-sonli DMTTdan 4 nafar, Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 16-sonli MMTdan 11 nafar, Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida joylashgan 32-son DMTTdan 5 nafar bola yuqumli kasalliklar boʻlimiga yotqizilgan.

    Fargʻona viloyati, Oltiariq tumanidagi 39 va 22-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qayd etilgan guruhli ovqatdan zaharlanish holatlari boʻyicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining 2022-yil 22-sentyabr 20-02081 - sonli maʼlumot taqdim qilindi. Sanitariya-epidemiologik xizmati Oltiariq tumani boʻlimining 20-sentyabrdagi 21- va 22-son bayonnomalari binoan taqdim qilingan Bakteriologik laboratoriya tahlillari natijalariga koʻra, 13 va 14-sentyabr kunlari Oltiariq tumanidagi 39-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida tayyorlangan taomlarning kunlik namunalaridagi sariyogʻli nonda va banan hamda olmadan tayyorlangan mevali salatda ichak tayoqchasi bakteriyalari guruhiga mansub ichak tayoqchalari, tvorogli vatrushka va sutli kakaoda tilla rangli stafilakokk mikroblari aniqlangan.

    Shuningdek, omborxonada saqlanayotgan qiymalangan mol goʻshti va mol suyagi namunalaridan ham ichak tayoqchasi bakteriyasi topilgan. Ushbu bogʻcha vaqtinchalikka yopilgan edi, barcha tegishli sanitariya gigiyena va dezinfeksiya holatlari oʻtkazilganidan soʻng, bakteriyalar aniqlangan Oltiariq tumanidagi DMTTlar qayta faoliyatini boshladi. Shu bilan birga, vazirlik topshirigʻiga asosan sifatsiz yetkazib berilgan oziq ovqat mahsulotlari bilan taʼminlaydigan taʼminotchi tashkilotlar bilan ham shartnomalar bekor qilish choralari koʻrilmoqda.

    Ovqatdan zaharlangan bolalar tegishli mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda koʻrikdan oʻtkazilgan va ularning umumiy holati qoniqarli deb baholangan. Shuningdek, kasallanish holati kuzatilgan bolalar bilan bir guruhda tarbiyalangan tarbiyalanuvchilar ham tekshiruvdan oʻtkazilganda hech qanday kasallanish holati uchramagan. Oltiariq tumanidagi 39-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining 8 nafar tarbiyalanuvchisi bilan guruhda boʻlgan 26 nafar bola ham statsionar sharoitda nazoratga olingan boʻlib, ularning sogʻligʻida kasallik alomatlari kuzatilmagan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar boʻlimining 2022-yil 22-sentyabrdagi xulosasiga koʻra, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ovqatdan zaharlanish infeksiyasi gumoni bilan 2022-yil 19-sentyabr kuni Qarshi shahridagi 32-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari tomonidan murojaat kelib tushgan. Oʻtkazilgan epidemiologik surishtiruv va tekshiruv natijalariga koʻra, sutkalik ovqat namunalarida bakteriyalar aniqlanmagan. Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining sanitariya-gigiyena laboratoriyasiga taqdim qilingan oziq-ovqat mahsulotlari sanitariya qoida va meʼyorlariga mos kelishi aniqlangan.

    Yuqoridagi sanitariya xulosasi misolida diareyaga sabab boʻladigan omillarga faqatgina ovqatlanish jarayonini sabab qilib keltirmaslik zarur. Chunki, bundan tashqari ham diareyaga sabab boʻluvchi koʻplab omillar mavjud. Bakteriya va parazitlar bolalarni oʻtkir diareya bilan ogʻrishiga sabab boʻladi. Bunga olib keladigan omillarga faqatgina muddati oʻtgan ovqatni emas, qoʻlni toza yuvmaslik, meva va sabzavotlarni yuvmasdan isteʼmol qilish kabi sabablarni ham keltirib oʻtish mumkin.

    Shu bilan birga, ich ketishi, isitma, koʻngil aynishi kabi holatlar faqatgina ovqatdan zaharlanish jarayonida kuzatilmaydi.

    Kuz mavsumi bakteriya va viruslarning faollashadigan fasli hisoblanadi. Mazkur holatlarda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining xulosasi berilmaguniga qadar bunday holatlarni ovqatdan zaharlanish deb boʻlmaydi. Shu bois, manbani toʻliq oʻrganib, maʼlumotlarni toʻla tahlil qilib soʻngra xolis va haqqoniy axborot tarqatilsa maqsadga muvofiq boʻladi.