Samarqand shahrida Sharq va Yevropa mamlakatlari mualliflar mulkiy huquqlarini jamoaviy boshqaruvchi tashkilotlar Xalqaro assotsiatsiyasi (ASIPREEC)ning navbatdagi yigʻilishi doirasida “Mualliflar va boshqa huquq egalarining huquqlarini boshqarish: muammolar va ularni hal etish mexanizmlari” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Anjumanda Qozogʻiston, Moldova, Gruziya, Shvetsiya, Chexiyaning mualliflar va turdosh huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar vakillari, respublika Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi hamda Oliy Majlis Senati aʼzolari bevosita va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO-Jeneva), Mualliflar va kompozitorlar jamiyatlari xalqaro konferederatsiyasi (SIZAK-Parij) va Ozarbayjon tashkiloti vakillari ZOOM platformasi orqali ishtirok etdi.

- Mazkur konferensiyani oʻtkazishdan maqsad mualliflik huquqlarini himoya qilish, bu boradagi xalqaro aloqalarni kengaytirish, tuzilgan hamkorlik shartnomalarini amalda qoʻllash, mulkiy huquqlarni mintaqa va xalqaro doirada boshqarish mexanizmlarini joriy etish, respublikamizning sohaga oid xalqaro majburiyatlarini bajarishga koʻmaklashish, tashkilotlar oʻrtasida axborot almashinuvini kengaytirishdan iborat, - deydi Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi raisi B.Toshev. - Mualliflik huquqlarining buzilishi bugungi kunda oʻta dolzarb masalaga aylandi. Raqamli texnologiyaning rivojlanishi va internet tarmogʻi imkoniyati kengayishi bilan intellektual mulk ulkan tahdid ostida qoldi. Intellektual mulk obyekti boʻlgan fan va adabiyot, sanʼat asarlari, filmlar, fonogrammalar internet tufayli hammaning “qoʻli yetadigan” “matoh” ga aylandi.

Ammo aksariyat davlatlarda intellektual mulk davlat tomonidan himoyalanadi. Yurtimizda ham mualliflik huquqi muhofazasiga qaratilgan qator qonun hujjatlari bor. Xususan, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 19, 39-moddalarida muallifning asaridan foydalanilganlik uchun mualliflik haqining toʻlanishi xususida huquqiy normalar keltirilgan. Faqat bu qonunlarga qatʼiy amal qilish, ijrosini taʼminlash kerak.

Konferensiyada sohaga oid muammolarga yechim topish, xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, dunyoda yuzaga kelayotgan voqeliklar va raqamli muhit sharoitlarini inobatga olib, sohaga zamonaviy va taʼsirchan mexanizmlarni joriy etib borish, xorij tajribasini chuqur oʻrganish asosida amaldagi qonunchilikni takomillashtirish va huquqiy targʻibot ishlarini yanada kengaytirishga kelishib olindi.

Fazliddin Roʻziboyev