баннер
25 Apr 2025
19:39

    Mualliflik huquqini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

    Deputatlar intellektual mulk himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqib, qabul qildi.

    Tahlillarga koʻra, soʻnggi besh yilda intellektual mulkning tadbirkorlik faoliyatidagi foydalanish koʻlamining ortishi va ayrim biznes vakillari tomonidan nohalol tadbirkorlik faoliyati olib borilishi sababli bu yoʻnalishdagi huquqbuzarliklar soni keskin oshgan.

    Jumladan, 2023-yilda sudlar tomonidan intellektual mulk obyektlari himoyasiga oid 249 dan ortiq maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilingan.

    Ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi va Fuqarolik kodekslariga mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni, shuningdek, sanoat mulki obyektlariga boʻlgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taklif etilmoqda.

    Qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyatda intellektual mulk huquqiga boʻlgan hurmat hissini shakllantirish va intellektual mulk egalarining moddiy manfaatlarini himoya qilish, intellektual mulk sohasidagi javobgarlik choralarini kuchaytirish orqali kontrafakt mahsulotlarning aylanmasiga chek qoʻyish va aholining, shu jumladan tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulk obyektlarini qonuniy foydalanish boʻyicha masʼuliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech