Ikkinchi bosqichda ilgʻor pedagogik texnologiyalarni qoʻllashi, oʻquvchilar bilan ishlash metodikasi va baholashdagi yondashuvlari tekshiriladi, bilim va mahorati natijalariga qarab, muallimga malaka toifasi beriladi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga yil yakuniga qadar yangi tajribani oʻqituvchilarning bilim darajasi past boʻlgan 20 ta tumanda sinovdan oʻtkazishga topshiriq berildi.

Shuningdek, pedagogika yoʻnalishidagi oliygohlar alohida yondashuv asosida rivojlantiriladi.

Buning uchun Oliy taʼlim vazirligida pedagogik taʼlimga masʼul vazirning birinchi oʻrinbosari lavozimi kiritiladi.

Vazirlikda pedagogik taʼlim boʻyicha alohida Kengash tuzilib, unga pedagogika oliygohlari rektorlari kiritiladi.

Toshkent va Chirchiqdagi pedagogika universitetlarida oʻqituvchilar Prezident maktabi dasturi asosida tayyorlanadi. Bu oliygohlar pedagogika yoʻnalishidagi institutlar uchun “tayanch oliygoh” boʻladi.