Muammoga 19 yildan soʻng yechim topildi

    Ijtimoiy hayot 3 Noyabr 2021 1633

    FHDYO boʻlimlarida bir kunda minglab fuqarolar uchun dalolatnoma yozuvlari asosidagi rasmiy hujjatlar taqdim etiladi.

    Biroq shunday taqdirlar borki, ular yillar davomida birgina muhim hujjatga ega boʻla olmaydilar. Buning oʻziga xos sabablari bor, albatta.

    Fargʻona viloyati Quva tumanining “Goʻzal” MFY da yashovchi Surayyo Usmonova 19 yoshda. U shu kunga qadar tugʻilganlik haqidagi guvohnoma ololmaganligi sabab ikki yil davomida Oliy oʻquv yurtlariga imtihon topshira olmadi. Aslida uning bir olam orzulari ham, armonlari ham mana shu bir parcha hujjat bilan bogʻliq. Gap shundaki, uning onasi asli qirgʻizistonlik boʻlganligi sababli tugʻilganlik haqidagi guvohnomani olishda hujjat ishlarida muammolar yuzaga kelgan. Keyinchalik esa kundalik yumushlar bilan ishlar chala qoldi.

    — Surayyo qizim 2002-yilda Qirgʻizistonda ishlab yurgan paytlarimda dunyoga kelgan, — deydi Zamira Usmonova. — Qirgʻiziston FHDYO idoralariga murojaat qilsam, Oʻzbekiston fuqarosi ekansiz, oʻz mamlakatingizdan hujjat olasiz, deyishdi. Bu yerga kelganimda esa tugʻruq Qirgʻizistonda boʻlgan, hujjatni u yerdan olishimni aytdi. Xullas, “metrika” olishdagi muammolarimni kimga va qayerga aytishni bilmadim.

    Quva tumani FHDYO boʻlimi vakillari mahallabay aholi muammolarini oʻrganishlari Surayyoning koʻp yillik armoniga yechim boʻldi. Natijada Surayyo naqd 19 yildan soʻng tugʻilganlik haqidagi guvohnomaga ega boʻldi.

    Bu kabi taqdirlar FHDYO sohasida koʻplab uchrab turadi. Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Fargʻona viloyatida oʻtkazilayotgan sayyor davlat xizmatlari davomida joriy yilning 10 oyi davomida 19 tuman va shahar Davlat xizmatlari markazlari tomonidan jami 38 mingdan ortiq sayyor davlat xizmatlari taqdim etildi. 200 nafarga yaqin fuqarolarga kechiktirilgan tartibda tugʻilganlik haqidagi dalolatnomalar rasmiylashtirilib, FHDYO ishlari boʻyicha 1,5 mingdan ortiq huquqiy maslahatlar berilgan.

    DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.