Muammolar o'z yechimini topmoqda

    Davlat xizmatlari agentligi tomonidan fuqarolar bilan ko'proq muloqot qilish, ular bilan dildan suhbat qurish, joylarga chiqib muammolarini o'rganish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Davlat xizmatlari agentligi va DXA Toshkent viloyati boshqarmasi mas'ullari ishtirokida sayyor uchrashuvlar o'tkazildi.

    Xususan, davlat xizmatlari ko'rsatilishini samarali tashkil etish hamda ko'rsatilayotgan xizmatlarni yanada rivojlantirish bo'yicha ishchi guruh a'zolari Bo'ka tumanining “Navobod” va Piskent tumanining “Mitan” mahalla fuqarolar yig'inida bo'ldi. Sayyor qabul davomida davlat xizmatlari va FHDYO sohasi bo'yicha maslahat so'ragan fuqarolar va murojaatchilarga joyida huquqiy tushuntirishlar berildi. Yangi xizmat turlari va xizmatlarini masofadan olish tartiblari to'g'risida aytib o'tildi. Shuningdek, tadbir davomida 50 nafarga yaqin fuqarodan suv ta'minotiga ulanish uchun arizalar “Navobod” MFY binosining o'zida sayyor tartibda qabul qilindi.

    Bekobod tumanining “Shova” mahalla fuqarolar yig'inida o'tkazilgan sayyor uchrashuvlar davomida fuqarolar kadastr pasportini shakllantirish, bolalarni davlat maktabgacha ta'lim muassasasiga joylashtirish uchun ariza berish, ko'chmas mulk ob'ektlariga bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazishga ariza yuborish kabi davlat xizmatlaridan sayyor tartibda foydalandi.

    O'tkazilgan sayyor qabullar davomida tuman va shahar Davlat xizmatlari marazlari mutaxassislari tomonidan aholiga turli masalalarda huquqiy tushuntirishlar berildi. Tadbir davomida aholiga 458 ta davlat xizmatlari sayyor tartibda ko'rsatildi. Soliq idoralari bilan hamkorlikda dehqon bozor va savdo komplekslarida o'tkazilgan o'rganishlarimiz davomida esa 65 ta ro'yxatdan o'tmagan tadbirkorlik sub'yektlari davlat ro'yxatidan o'tkazildi. Aholi kadastr pasportini shakllantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotiga joylashtirish, ko'chmas mulk obektlariga bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish kabi davlat xizmatlaridan ko'proq foydalandi.

    O'rta Chirchiq tumanining Tinchlik, Rovatak mahallalarida o'tkazilgan xalq bilan muloqotda aholi muammolari o'rganildi. Tadbir davomida muammoli masalalar bo'yicha murojatlar joyning o'zida ijobiy hal etilib, ba'zilari tegishli tashkilotlarga yo'naltirildi. Mahallalar hududidagi shar'iy nikohda yashovchi oilalarga qonuniy nikohdan o'tish bo'yicha huquqiy tushuntirishlar berildi. Agentlik xodimlari Tinchlik mahallasi binosi oldida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mevali va manzarali daraxt ko'chatlarini ekdi.

    Tadbirlar davomida 767 ta holatda FHDYO sohasiga oid muammolar o'rganildi. O'rganishlar davomida 183 nafar fuqaroning tug'ilganlik haqidagi guvohnomasi yo'qligi aniqlandi. Ularning 18 nafariga sayyor xizmat davomida guvohnomalar rasmiylashtirib berildi. Qolgan fuqarolarga ham tez orada hujjatlar tayyorlanib, guvohnomalar topshiriladi. 216 ta sha'riy nikoh asosida yashayotgan oilalar aniqlangan bo'lsa, 76 ta oiladan qonuniy nikohga kirishish to'g'risida arizalar qabul qilindi. Tadbir davomida oilaviy ajrimlarning oldini olish masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi. Qibray, Bo'stonliq, O'rta Chirchiq tumanlarida ajrim yoqasidagi oilalar bilan uchrashuvlar o'tkazildi. Oilaviy nizolari hal etilishi natijada 79 ta ajrim bo'yicha arizalar qaytarib olinib, oilalar ajralib ketishidan saqlab qolindi.

    DXA Toshkent viloyati boshqarmasi

    matbuot xizmati