Ishchi guruh viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni oʻrganish hamda “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” mezonlarini joylarda joriy etish, aholi bilan muloqot oʻtkazish boʻyicha ishlar olib bordi.
Aholi murojaatlari asosida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, yoʻl, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash borasida jami 29,5 km ichki yoʻllarga asfalt qoplamasi yotqizish va shagʻallashtirish ishlari bajarildi. Jumladan, Qarshi tumani “Dasht” mahallasida 2,8 km, Qamashi tumani “Qiziltepa” mahallasida 2,6 km, Koʻkdala tumani “Suvliq” mahallasida 2,0 km, Chiroqchi tumani “Doʻstlik” mahallasida 2,1 km asfaltlash ishlari bajarildi.
Aholiga qoʻshimcha 1774 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 327 dona temir-beton tayanchlar oʻrnatish, 2 ta transformator punktini tarmoqqa ulash hamda 11,29 km elektr tarmoq tortish ishlari bajarildi. Jumladan, Qamashi tumanida 81 dona, Gʻuzor tumanida 64 dona, Muborak tumanida 46 dona, Nishon tumanida 44 dona, Chiroqchi tumanida 15 dona elektr tarmoq tortish, shuningdek, Kitob tumani va Yakkabogʻ tumanida 1 donadan transformatorni tarmoqqa ulash ishlari bajarildi.
Ichimlik suvini yaxshilash borasida Qarshi, Kasbi, Shahrisabz, Yakkabogʻ tumanlarida suv quduqlariga yangi suv nasos agregatlari, suv yigʻish va uzatish inshootlari, yangi quvurlar tortildi.
Kommunal xoʻjaligi sohasini yaxshilash maqsadida Qarshi sharhri, Nishon, Muborak tumanlarida koʻp qavatli uylarning kirish, tom, fasad qismlarida taʼmirlash ishlari olib borildi, uylarning yertoʻlalari ham tartibga keltirildi.
Aholi orasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun tijorat banklari tomonidan 3 489 nafar fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga 133,6 mlrd. soʻm miqdorida kreditlar ajratilishi taʼminlandi. Shundan, oilaviy tadbirkorlik yoʻnalishida 802 ta, xizmat koʻrsatish sohasiga 92 ta, sanoat sohasi yoʻnalishida 3 ta, qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirish yoʻnalishida 11 ta kredit mablagʻlari ajratilishi taʼminlandi.
Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan Koson, Kasbi, Yakkabogʻ, Kitob, Nishon, Gʻuzor, Qarshi Mirishkor tumanlari va Shahrisabz shahrida oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Kitob tumanida ijtimoiy yordamga muhtoj 360 nafar xotin-qizlarga “Ayollar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan jami 237,6 mln. soʻm moddiy yordam pullari olib berildi.
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi” mablagʻlari hisobidan Qarshi, Koson va Kitob tumanlaridan 83 nafar fuqaroga jami 349,0 mln. soʻm miqdorida subsidiya mablagʻlari evaziga tikuvchilik faoliyatini boshlash uchun toʻgʻri chokli tikuv mashinalari topshirildi.
Respublika ishchi guruhining joylardagi faoliyati davom etmoqda.