Mubashshir Ahmad Turkiyadan Oʻzbekistonga deportatsiya qilindi

    Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy bloger Alisher Tursunov 8-may kuni Turkiyada huquq-tartibot idoralari tomonidan qoʻlga olinib, 10-may kuni Oʻzbekistonga deportatsiya qilindi.

    Bu haqda IIV axborot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi IIV tomonidan xalqaro qidiruvga eʼlon qilingan 1974-yilda tugʻilgan, fuqaro Tursunov Alisher Axmadovich joriy yilning 8-may kuni Turkiyada huquq-tartibot idoralari tomonidan qoʻlga olinib, 10-may kuni Oʻzbekistonga deportatsiya qilindi.

    A.Tursunovning taʼsisligidagi axborot platformalari orqali ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan maʼlumotlarda, tegishli ekspertiza xulosalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid axborot mavjud boʻlganligi sababli, unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244 prim 1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244 prim 3-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

    Hozirgi kunda jinoyat ishi doirasida tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi vazirlik xabarida.