Muborak-Pomuq-Koʻkdumaloq yoʻnalishidagi koʻprik qulab tushdi

    Bunga aylanma yoʻldan harakatlanish oʻrniga nosoz koʻprikdan oʻtmoqchi boʻlgan yuk mashinasi haydovchisi sabab boʻlgan.

    Muborak tumani hududidan oʻtuvchi “Muborak - Pomuq – Alang - Nishon”‎ avtomobil yoʻlining 17 km.dagi 1982-yili (zovur ustida) qurilgan koʻprik nosoz holga kelib qolgan edi, deb xabar qiladi tuman hokimligi axborot xizmati.

    Taʼkidlanishicha, hozirda koʻprikdan harakatlanish toʻliq cheklangan, axborot beruvchi yoʻl belgilari oʻrnatilgan va avtotransport harakati uchun vaqtinchalik aylanma yoʻl tashkil qilingan.

    Biroq shu yilning 16-fevral kuni ogʻir avtotransport vositasi aylanma yoʻldan yurish oʻrniga, avariya holatidagi mazkur koʻprikdan harakatlangan va koʻprik qulab tushgan. Sodir boʻlgan hodisadan hech kim zarar koʻrmagan.

    Mazkur koʻprik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoʻl xoʻjaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2023-yil 10-oktyabrdagi qarorining 4-ilovasiga muvofiq, 2024-yilda qayta qurish belgilangan boʻlib, joriy yil 2-choragida toʻliq qayta qurilib foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.