Avstriya Respublikasida faoliyat yuritayotgan Birlashgan Vena instituti (Joint Vienna Institute, JVI) tomonidan “Osiyo va Yevropadagi muddati o'tgan kreditlar — sabablari, oqibatlari va yechim strategiyalari” mavzusida ilmiy vebinar tashkil etildi.
Vebinar Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa markaziy banki tomonidan amalga oshirilgan maxsus ilmiy tadqiqotlar natijalariga bag'ishlandi. Unda Osiyo va Yevropada “muddati o'tgan kreditlar” sonining oshishi, sabab va oqibatlari hamda siyosiy yechimlari yuzasidan asosiy tushunchalar berildi.
Vebinarda “muddati o'tgan kreditlar” masalasini hal qilishga qaratilgan ekotizimni rivojlantirish, ma'lumotlar assimmetriyasini bartaraf etish, moliyaviy bozor infratuzilmasini takomillashtirish, qonunchilik bazasi va sud salohiyatini oshirish mavzulariga urg'u berildi.
So'ng soha ekspertlari va tadqiqotchilari tomonidan “muddati o'tgan kreditlar” evolyutsiyasi va boshqaruvi masalalari muhokama qilinib, Markaziy va Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqalariga alohida fokus qaratildi.
Ma'lumot uchun, Birlashgan Vena instituti (Joint Vienna Institute) mintaqaviy o'quv markaz bo'lib, u Markaziy, Sharqiy va Janubiy-Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi davlat sektori xodimlarini kasbiy bilim va malakasini oshirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshiradi. 1992-yilda Avstriya federal moliya vazirligi, Avstriya Milliy banki, Xalqaro Valyuta Jamg'armasi va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan.