Muddatidan oldin harbiy unvon va Prezident soati: “ArMI – 2020” gʻoliblari munosib taqdirlandi

    Harbiy 20 Sentabr 2020 1676

    19-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida “ArMI – 2020” Xalqaro armiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlarini taqdirlashga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

    Unda Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-mayor Baxodir Kurbanov, harbiy okruglar qoʻmondonlari, davlat va jamoat tashkiloti vakillari hamda Oʻzbekiston nufuzini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilgan harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

    Tadbir avvalida Oʻzbekiston mudofaa vaziri “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarining ArMI – 2020 Xalqaro armiya oʻyinlaridagi ishtiroki yakunlari va gʻoliblariga qimmatbaho sovgʻalarni topshirish toʻgʻrisida”gi Prezident qarorini oʻqib eshittirib, erishilgan yutuqlar bilan barchani muborakbod etdi.

    Qurolli Kuchlar akademiyasida oʻtkazilgan tadbirda mudofaa vaziri bir guruh harbiy xizmatchilarni muddatdan oldin harbiy unvon va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirladi. Xususan, Xalqaro armiya oʻyinlarining gʻoliblariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan qoʻl soatlari topshirildi.

    Shuningdek, harbiy okruglar qoʻshinlari qoʻmondonligi vakillari va yoshlar videokonferensaloqa orqali gʻolib ishtirokchilarga tabriklar yoʻlladi.

    Taqdirlash marosimi yakunida namoyish etilgan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

    Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 23-avgustidan 5-sentyabrigacha davom etgan “ArMI – 2020” Xalqaro armiya oʻyinlarida 30 dan ortiq davlatning 156 jamoasi qatorida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 16 yoʻnalishda, yaʼni, “Merganlik marrasi”, “Qurolsoz usta”, “Musaffo osmon”, “Artilleriya olovi ustasi”, “Yoʻl patruli”, “Qoʻshin razvedkasi aʼlochilari”, “Elburs halqasi”, “Sodiq doʻst”, “Xavfsiz marshrut”, “Dala oshxonasi”, “Harbiy ralli”, “Harbiy-tibbiy estafeta”, “Merganlar marrasi”, “Otliq marafon”, “Avtozirhli tank-texnika ustasi”, “Xavfsiz muhit” musobaqalarida faol ishtirok etdi.

    Hamyurtlarimiz 32 mamlakat harbiylari oʻrtasida jami 16 yoʻnalishda – 3 ta birinchi, 8 ta ikkinchi, 3 ta uchinchi oʻrinni egallab, umumjamoa hisobida 3-oʻrinni egalladi.

    Shu bilan birga, Mudofaa vazirligi jamoalari tarkibida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan harbiy xizmatchilar “ArMI – 2020” Xalqaro armiya oʻyinlarida munosib ishtirok etib, qator yoʻnalishlarda rekord natijalarni qayd etdi.

    Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

    JSST Yevropada COVID-19 bilan bogʻliq vaziyat yomonlashishi sababini aytdi